French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda “Ayol advokatlar alyansi” faoliyat yuritmoqda
15:47 / 2025-08-26

Bosh qomusimizda inson va fuqaro huquq hamda erkinliklarining davlat tomonidan himoya qilinishi, har bir shaxsga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Har kim o‘z xohishiga ko‘ra advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning 142-moddasiga ko‘ra, advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi.

Faoliyati konstitutsiyaviy darajada himoyalangan soha vakillari jismoniy va yuridik shaxslarga professional yuridik yordam ko‘rsatishda alohida o‘rin tutmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida “Huquqiy jamiyatda ayol advokatlarning o‘rni va ta’siri” mavzusida o‘tkazilgan forumda shu haqda so‘z yuritildi. 

Advokatlar palatasi va palata huzuridagi “Ayol advokatlar alyansi” tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ishtirokchilar “Ayol advokatlar alyansi” tashkil etilganini qo‘llab-quvvatlab, bu tuzilma bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ming nafardan ortiq ayol advokatlar ishlari samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.   

– Alyansning asosiy maqsadi advokatura institutini yanada rivojlantirish va nufuzini oshirishga ko‘maklashish, – dedi “Ayol advokatlar alyansi” boshqaruvi raisi Aliya Yunusova. – Ayol advokatlarning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Inson huquq va erkinliklarini, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy yordamga muhtojlar va bolalarning manfaatlarini himoya qilishda ayol advokatlar roli kuchaytiriladi. 

Alyans ayol advokatlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, jamiyatdagi faolligini oshirish, advokatura faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi. 

Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan ayollar, bolalar va ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar huquqlari va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlaydi. 

Advokatlar palatasi raisi Shuhrat Sodiqov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijio, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva hamda advokatlar ishtirok etgan tadbirda inson huquq va manfaatlarini himoya qilishda advokatlar maqomini oshirish, advokatlik faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish, advokatura institutini rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirda ayol advokatlarning jamiyatdagi o‘rni, huquqiy faoliyati va tashabbuslarini mustahkamlash maqsadida o‘zaro tajriba almashildi. Yangi loyihalar muhokama qilindi. Sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. 

N.Abduraimova,

O‘zA