Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda aviayo‘lovchilar oqimi va reyslar taqsimoti qanday?
14:16 / 2026-02-13

Aviatashuvlar mamlakatning iqtisodiy rivoji, turizm salohiyati va xalqaro aloqalarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan, aviaqatnovlar hajmi va aeroportlar faoliyati mamlakat taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.

O‘tgan 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston aviatsiya sohasi barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etdi hamda ichki va xalqaro aviaqatnovlar bo‘yicha aniq shakllangan tizimga ega ekanini tasdiqladi. Aeroportlar faoliyati bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar mamlakatda qaysi hududlar xalqaro aviayo‘nalishlarning muhim markaziga aylangani, qaysi aeroportlarda esa ichki reyslar ustun ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Toshkent xalqaro aeroporti mamlakatning asosiy aviatsiya xabi sifatida o‘z yetakchiligini saqlab qolmoqda. Hisobot davrida bu yerda jami 79 ming 958 ta reys amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 62  ming 549 tasi xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi.  

Yo‘lovchilar oqimi 9 million 986 ming 445 nafarni tashkil etgan, ularning 86 foizdan ortig‘i xalqaro reyslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xalqaro tashuvlar hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Samarqand xalqaro aeroporti turadi. Aeroport orqali 12 ming 130 ta reys amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 10 ming 415 tasi xalqaro yo‘nalishlardir. Yo‘lovchilar oqimi 1 million 521 ming 158 nafarga yetgan bo‘lib, asosiy qismini xalqaro parvozlar tashkil etgan.

Urganch aeroporti tashuvlar tuzilmasining nisbatan muvozanatli ekani bilan ajralib turadi. Bu yerda 6 ming 546 ta reys amalga oshirilib, ular deyarli teng ravishda ichki va xalqaro yo‘nalishlar o‘rtasida taqsimlangan. Umumiy yo‘lovchilar oqimi 862 ming 522 nafarni tashkil etgan bo‘lib, xalqaro reyslar biroz ustunlik qiladi.

Namangan aeroportida xalqaro reyslar yaqqol ustun. 5 ming 755 ta reysning 87 foizdan ortig‘i xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi. Yo‘lovchilar oqimi 867 ming 367 nafarni tashkil etib, shundan 819 ming 970 nafari xalqaro reyslarda parvoz qilgan. Farg‘ona aeroporti esa 5 ming 996 ta reys va 693 ming 397 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, bu yerda ham xalqaro tashuvlar ustunlik qiladi.

Buxoro aeroportida 5 ming 786 ta reys amalga oshirilib, 574 ming 36 nafar yo‘lovchi qayd etilgan.  

Ichki reyslar faol bo‘lishiga qaramasdan, yo‘lovchilar oqimining asosiy qismi xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi. Termiz aeroportida esa asosan ichki tashuvlar amalga oshirilgan bo‘lib, 3 ming 876 ta reys orqali 349 ming 227 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.

Nukus aeroportida ham ichki yo‘nalishlar ustunlik qiladi. 2 ming 827 ta reys orqali 330 ming 707 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, ularning qariyb 74 foizi ichki reyslar hissasiga to‘g‘ri keladi. Andijon aeroportida 808 ta reys amalga oshirilib, 93 ming 964 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Bu yerda xalqaro yo‘nalishlardagi yo‘lovchilar soni ichki reyslarga nisbatan yuqoriroq.

Qarshi aeroportida 2 ming 138 ta reysda 176 ming 331 nafar yo‘lovchi qayd etilgan. Navoiy aeroporti esa 49 ming 110 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, tashuvlar tarkibida xalqaro reyslar salmoqli ulushni saqlab qolmoqda.

Keltirilgan ma’lumotlar O‘zbekiston aviatsiya tizimida nafaqat poytaxt, balki hududiy aeroportlar ham, ayniqsa turistik va chegara hududlarda, ichki va xalqaro aviaqatnovlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA