English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda AQSH investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 2 barobarga oshdi
14:12 / 2021-12-14

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy sheriklikning keng qamrovli kun tartibi ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama va hududlararo hamkorlikning barcha sohalarida sezilarli yutuqlarga erishilgani va bunga O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil may oyida AQSHga tashrifi chog‘ida asos solingani qayd etildi.

Joriy yilning o‘n bir oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2020 yilning shu davriga nisbatan 48,5 foizga o‘sgani alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil davomida O‘zbekistonda AQSH investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 2 barobar ko‘paydi.

Tomonlar O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun AQSH investorlari va yirik kompaniyalarni jalb etishga qiziqish bildirdilar. Ular Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi (AUCC) bilan hamkorlikda 2022 yilning birinchi yarmida AQSH va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun biznes-forum o‘tkazishga tayyorligini ham ta’kidladilar.

Uchrashuv chog‘ida foydali qazilmalarni qazib chiqarish sanoati, kimyo tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Tomonlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va O‘zbekistonning To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston tomoni “Build Back Better World” (B3W) tashabbusini olqishladi hamda bu tashabbus doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash va gender tengligini rivojlantirish kabi to‘rtta asosiy yo‘nalishda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasida mamlakatimizga ko‘rsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi. Suhbat chog‘ida investitsiya siyosati va davlat xizmatlari sohasini raqamlashtirish bo‘yicha texnik ko‘mak loyihasini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan dastur va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan faol muloqotni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA