Toshkentda infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan O‘zbekiston – cbiznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan, davlat idoralari, ishbilarmon doira va ekspert hamjamiyati vakillarini bir maydonga jamlagan mazkur tadbir tomonlarga investitsiya va texnologiya hamkorligi istiqbolini faol muhokama qilish imkonini yaratdi.
Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri o‘rinbosari Terada Yoshimichi boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan anjuman davomida ikki davlat sherikligining joriy holati va istiqboli muhokama qilindi. Qayd etilishicha, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan o‘zaro munosabat izchil rivojlanmoqda. 2025-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo qiymati 400 million dollarga yaqinlashdi. So‘nggi sakkiz yil mobaynida yurtimizda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari soni o‘n barobar ortib, 130 ga yaqin korxona tashkil etildi.
Biznes-forum doirasida infratuzilmani takomilllashtirish, shahar boshqaruviga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, intellektual transport tizimini rivojlantirish, suv ta’minoti va oqova suv tizimini modernizatsiya qilish, shahar muhiti monitoringiga raqamli platformalarni joriy etish, jamoat transportini rivojlantirish hamda barqaror shaharsozlik yo‘nalishida qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
[gallery-27970]
Shuningdek, respublikamizning infratuzilma va “aqlli shaharlar” sohasidagi investitsiya salohiyati, jumladan transport tuguni va yo‘l harakatini boshqarish, zamonaviy seysmik texnologiyani qurilish jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi. Ayni yo‘nalishlarda xorijiy ekspertlar va yapon kompaniyalari vakillari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
– Mazkur yo‘nalishda uchinchi bor qo‘shma forum o‘tkazyapmiz, – dedi Terada Yoshimichi. – Tadbirlar davomida sifatli infratuzilma yaratish bo‘yicha ilg‘or tajriba, zamonaviy texnologiya bilan o‘rtoqlashilmoqda. Yaponiya inshootlarni nafaqat qurish, balki saqlash va boshqarishga ham alohida e’tibor qaratadi. Biz mavjud an’analarimiz asosida O‘zbekiston shaharlarini nisbatan qisqa muddatda zamonaviy manzara kasb etishida ko‘maklashamiz. O‘tgan yil dekabr oyida Tokioda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammitida “aqlli shahar” loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan edi. O‘sha kelishuv natijasi o‘laroq, bugun sherikligimiz aniq amaliy harakat bosqichiga ko‘chdi. O‘zbekistonda 2025 moliya yilida ikki muhim loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchisi – yapon startap kompaniyasi tomonidan smartfon yordamida yo‘lni tekshirish va yo‘l xo‘jaligi boshqaruvini zamonaviy, raqamli uslubga o‘tkazish. Ikkinchisi – mazkur anjuman doirasida kelishilayotgan Toshkent temir yo‘l vokzali atrofidagi transport bog‘lami, poyezd va avtobus qatnovini o‘zaro uyg‘unlashtirish, tizim samarali boshqarilishiga erishish. Umuman, mazkur tadbir O‘zbekiston – Yaponiya aloqalarini mustakamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum yakunida tomonlar infratuzilma, shaharsozlik va innovatsiya sohalarida investitsiya hamkorligini chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda kun chiqar yurt kompaniyalarining diyorimizda zamonaviy shahar tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorliklarini tasdiqladilar.
Ta’kidlanganidek, ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik o‘zaro munosabatni yangi amaliy bosqichga olib chiqish orqali barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Go‘zal Sattorova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA