Raqs – qalb tug‘yonlarini jisman aks ettirib, xalqning milliy xususiyatlarini jamlab, targ‘ib etuvchi san’at. O‘zbek milliy san’atini dunyoga tanitib, ajdodlardan avlodlarga meros qilib kelayotgan jamoalardan biri “Bahor” davlat raqs ansambli.
Ushbu ansamblning qayta tashkil etilishi, o‘ziga xosligi, repertuarlari va yangicha faoliyatiga qiziqdik. Shu maqsadda ansamblning badiiy rahbari Ziyoda Madrahimova bilan suhbatlashdik.
– Buyuk san’atkorlar, shoirlar, yozuvchilar va rassomlar o‘zidan keyin asar qoldiradi. Mukarrama Turg‘unboyeva ham o‘zidan keyin “tirik haykal” qoldirdi. Bu – “Bahor” – deya fikrini boshlaydi Ziyoda Madrahimova. – Bahor ansamblining shakllanishida raqqosa, baletmeyster Mukarrama Turg‘unboyevani xizmatlari katta.
1956-yillarda bir guruh qizlar bilan Moskva shahridagi xalqaro yoshlar festivaliga borgan Mukarrama Turg‘unboyeva “Beryozka” ansamblini ko‘rib, O‘zbekistonda ham faqat qizlardan iborat milliy ansamblini tashkil qilish istagi paydo bo‘ladi.
Dastlab, Toshkent xoreografiya bilim yurtida Mukarrama Turg‘unboyevaning o‘zi dars bergan 12 ta qiz hamda eng yaxshi xonanda va sozandalardan iborat jamoani shakllantiradi. Shu tariqa 1957-yil “Bahor” ansambli tashkil topadi.
Jahongashta Bahor raqs ansambli 50 dan ortiq mamlakatlarda bo‘lib, o‘zbek milliy raqs san’atining targ‘ibotiga katta hissa qo‘shgan. Ansambl 30-yillik faoliyati davomida “Oq oltin”, “Bahor valsi”, “Farg‘ona ruboiysi”, “Dugonalar”, “Qo‘g‘irchoq” va “Cho‘pon” kabi ko‘plab raqslari bilan tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan. Ammo noma’lum sabablar tufayli “Bahor” ansambli ijodiy faoliyatini to‘xtatgan edi.
Darhaqiqat, 2020-yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan milliy raqs san’atida professional badiiy jamoalar faoliyatini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni tarbiyalash, o‘zbek raqs san’atining “oltin fondi”ni yaratish kabi maqsadlar belgilab berildi. Hujjatda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekistonda yagona bo‘lgan Xoreografiya institutiga akademiya maqomi berilishi soha ijodkorlarini yanada ruhlantirib, katta mas’uliyat yukladi.
– Bahor davlat raqs ansambli a’zolarini saralab olishning alohida tartiblari ham bormi?
– Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli uchun qizlarni saralashda maktab ko‘rgan, sog‘lom, ilmi bor, mahoratli, mehnatdan qochmaydigan va albatta bo‘yi va tashqi ko‘rinishiga e’tibor beramiz. Ansamblga qabul qilingan har bir raqqosa uch oygacha sinov muddatida bo‘ladi.
Ochig‘ini aytsam, ushbu raqs ansamblining qayta tiklanishi yurtimizda koronavirus bilan bog‘liq qaltis vaziyatga davriga to‘g‘ri keldi. Shu sababli o‘sha vaziyatda biz viloyatlardagi musiqa maktablari bilan bog‘lanib, ularga “Bahor” davlat raqs ansambli uchun kasting e’lon qilganimiz haqida xabar berganmiz. Nomzodlar o‘zlari bilgan raqslarni video olib jo‘natishgan.
Karantin bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganidan so‘ng Ma’mura Ergasheva raislik qilgan nufuzli komissiya bilan kasting o‘tkazdik va dastlab, 30ta nomzoddan 13ta qizni tanlab oldik. Keyinchalik, boshqa qizlarni ham yuqorida keltirilgan talablar asosida qabul qilganmiz.
Shuningdek, ansamblning hozirgi tarkibi 30 tadan iborat. Ustozimiz Mukarrama Turg‘unboyeva “Bahor” raqs ansamblida aynan 40 qiz bo‘lishi niyat qilgan va o‘z davrida bunga erishgan. Yana 10 ta qizni jamoaga qo‘shish niyatimiz bor. Talab kuchli bo‘lgani sababli bu saralash ko‘proq vaqt talab qilyapti.
– Xorijiy mamlakatda ansambl repertuaridagi qaysi raqslarga ko‘proq qiziqish bildiradi?
– Bizni eng asosiy maqsadlarimizdan biri Mukarrama Turg‘unboyevaning “oltin fond”ga kirgan raqslarini tiklash. U sahnalashtirgan “Rohat”, “Katta o‘yin”, “Namangan olmasi”, “Durdonalar”, “Pilla”, “Vaz bahor”, “Paxta”, “Tikuvchi qizlar” kabi 200 dan ortiq raqslari tomoshabinlar qalbidan katta joy egallagan. Bu yil ansamblning qayta tashkil qilinganiga to‘rt yil bo‘ldi. Mana shu yillar ichida avvalgi Bahor ansambliga tegishli bo‘lgan mashhur raqslarni sahnalashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, Mukarrama Turg‘unboyevaning maktabidan kelib chiqib, yangi raqslar sahnalashtirdik. Xususan, “Doira raqsi”, “Ey Sarvinoz”, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa ko‘plab raqslar shular jumlasidan.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/MzQOSLS7vYc" title="Oʻzbekistonda ansambllar koʻp, ammo “Bahor” boshqacha…" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Bundan tashqari, har bir millatning raqsini sahnalashtirishish uchun o‘sha xalqning mahoratli mutaxassisini taklif qilyapmiz.
Masalan, yaqinda Rufat Halilzode yurtimizga kelib, ozarbayjoncha raqsni sahnalashtirdi. Tojik, hind Buxoro, Xorazm raqslarini ham qizlarimizga o‘rgatish uchun o‘sha hududning eng yaxshi baletmeysterlarini taklif qilganmiz.
Ushbu suhbatning davomini quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Marhabo Madaminova, O‘zA