Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olinishiga erishildi
13:03 / 2022-10-01

Joriy yilning 14 sentyabr kuni “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK nufuzli tashkilot – Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik (ILAK)ning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilindi. ISO/IEC 17011:2017 standarti talablari hamda ILAC tartib-taomillariga muvofiq O’zAKK, ISO/IEC 17025 sinov, ISO/IEC 17025 kalibrlash sohalarida Akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama Bitimga qo‘shildi. Buning natijasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olinishiga erishildi.

Shuningdek, joriy yilning 28 sentyabr kuni esa yana bir nufuzli tashkilot, Xalqaro akkreditatsiya forumi – IAFning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilindi va IAF tartib-taomillariga muvofiq ISO/IEC 17065 mahsulotni sertifikatlashtirish ISO/IEC 17021-1 menejment tizimini sertifikatlashtirish sohalarida Akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama Bitimga qo‘shildi. 

Bu a’zolik davlatlar uchun nima beradi? 

– A’zo va ko‘p tomonlama bitimlarga qo‘l qo‘ygan davlatlar bir-birining mahsulot sifati sinovlarini o‘zaro tan oladi, – deydi “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK direktori Ansabxon Zakirov. – Ya’ni, “bir marotaba sinovdan o‘tkazib, butun dunyoda tan olish” tamoyiliga ko‘ra ish yuritadi. Bu esa, o‘z navbatida, bozorlarga erkin kirib borish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlarining sifati xorijiy davlatlar iqtisodiyoti va jamiyati talabi darajasida bo‘lishiga, sifat ko‘rsatkichining yuqoriligi bilan ishonch qozonib, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf qilishga yordam beradi.  

Ushbu natijaga erishish uchun markaz o‘z faoliyatini tubdan xalqaro standartlarga moslashtirish, xalqaro miqyosda talab qilinadigan barcha vazifalarni bajarish, bitimlarga a’zo bo‘lgan davlatning tajribalarini o‘rganish, xalqaro toifadagi ekspertlar bilan seminar va mahorat darslarini tashkil qilib, faoliyatni yanada takomillashtirishga e’tibor qaratdi. Mutaxassislarning malakasi oshirildi, laboratoriya xodimlari uchun ham qator o‘quv-mashg‘ulotlari olib borildi. 

E’tiborli jihati shundaki, joriy yilning yanvar oyidan mart oyiga qadar 8 nafar xalqaro ekspert (Gonkong, Hindiston, Tayvan, Eron, Malayziya, Shri-Lanka, Filippin, Indoneziya) “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK faoliyatini baholashdan o‘tkazib, xulosalarini berdi. Umumiy hisobda markaz faoliyati qoniqarli baholanib, kamchiliklar borasida tavsiyalar berildi. Ushbu kamchiliklar atroflicha o‘rganilib, bartaraf etildi va natijalar yozma ravishda xalqaro tashkilotlarga taqdim etildi. 

O’zAKK Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik (ILAK) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) bilan o‘zaro hamkorlikka muhim ahamiyat qaratadi va ushbu nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. 

ILAKga a’zo bo‘lish akkreditatsiya tizimining xalqaro standartlar asosida ishlashining kafolatidir. 

Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi (ILAC) 4 ta yirik mintaqaviy idoradan (Yevropa, Markaziy Amerika, Afrika va Osiyo Tinch okeani) tashkil topgani qayd etildi. bugungi kunda dunyoning 116 ta davlati akkreditatsiya idorasi tashkilotning to‘la huquqli a’zolari hisoblanadi.

Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) dunyoning 88 ta davlatidagi 75 ta akkreditatsiya idorasini o‘z tarkibiga oluvchi yirik xalqaro tashkilot. Tashkilotning to‘la huquqli a’zolari IAF MLA – Baholash natijalarini o‘zaro tan olish Bitimiga qo‘shilish huquqiga ega bo‘ladi. Bitim doirasida 11 mingdan ortiq sertifikatlashtirish organlarining baholash natijalari (sertifikatlari) o‘zaro tan olinadi. 


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA