So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijtimoiy-siyosiy islohotlar xorijiy ekspertlar, xalqaro tahlil markazlari va ilmiy doiralarda izchil o‘rganilmoqda.
Tashqi kuzatuvchilar mamlakatni Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlagan holda ochiqlik va modernizatsiyaga yo‘nalgan davlat sifatida baholamoqda. Bu baholar alohida siyosiy bayonotlar emas, balki institutsional hisobotlar, ilmiy asarlar va mualliflik tahlillari asosida shakllangan.
Davlat boshqaruvida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tanlagan yo‘lni evolyutsion va boshqariladigan modernizatsiya deb baholaydilar. Jahon banki hujjatlarida (World Bank, Uzbekistan Country Partnership Framework 2022-2026) davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ma’muriy jarayonlarni qisqartirish va hisobdorlik mexanizmlarini joriy etish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirayotgani qayd etilgan. Bank ekspertlari mamlakatda islohotlar “inqilobiy o‘zgarishlar” orqali emas, balki institutlarni bosqichma-bosqich mustahkamlash orqali amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlagan.
Shu nuqtai nazar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Public Governance Review: Uzbekistan (2023) hisobotida ham o‘z aksini topgan. IHTT ekspertlari parlament va mahalliy kengashlar rolining izchil kuchayib borayotganini, qaror qabul qilish jarayonlarida natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modeli shakllanayotganini ijobiy tendensiya sifatida baholagan.
Qayd etish lozimki, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 2 fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2025 yil 23 iyundagi PF-98-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi” xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini samarali transformatsiya qilish, ularning Oliy Majlis Senati va boshqa davlat organlari bilan hamkorligini rivojlantirish, mahalliy Kengashlar faoliyatida jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash, shuningdek pirovardida hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirishga oid harakatlar faol davom ettirilmoqda.
Fuqarolik jamiyati rivoji masalasida ham xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlari institutsional tus olayotganini qayd etmoqda. Jumladan, Bertelsmann Stiftung tomonidan tayyorlangan Bertelsmann Transformation Index – Uzbekistan Country Report (2024)da mamlakat “davlat-jamiyat muloqotini shakllantirish bosqichidagi davlat” sifatida ta’riflanadi. Hisobot mualliflari ochiq muhokamalar, jamoatchilik kengashlari va axborot maydonidagi faollik davlat qarorlarining ijtimoiy qabul qilinishini oshirayotganini ta’kidlagan.
BMT tizimidagi tahlillarda ham shunga o‘xshash qarash mavjud bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD)ning Governance for Inclusive Development in Uzbekistan (2023) hisobotida fuqarolik institutlari bilan hamkorlik inson huquqlari, ijtimoiy himoya va gender tengligi sohalarida islohotlarning uzoq muddatli samarasini ta’minlayotgani qayd etilgan.
Bu borada “Diplomatic World” instituti eksperti Alberto Turkstra qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda kechgan transformatsiya jarayonlari, ayniqsa, fuqarolik jamiyati sohasidagi sezilarli o‘zgarishlar, islohotlarning amaldagi samarasini yaqqol namoyon etayotgani, mamlakat YeI va boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgangani, ammo ularni ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olmaganini ta’kidlab, islohotlar milliy davlatchilik an’analari, mentalitet va mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib moslashtirilgani ularning hayotiyligini ta’minlashga xizmat qilishini qayd etgan.
Iqtisodiy jarayonlar borasida Xalqaro valyuta fondi (XVF)ning Article IV Consultation hisobotlarida (2022-2024) O‘zbekiston iqtisodiyoti “islohotlar hisobiga barqaror o‘sishni saqlab qolayotgan iqtisodiy model” sifatida baholangan. XVF ekspertlari byudjet intizomi, bozor mexanizmlariga o‘tish va ijtimoiy xarajatlar o‘rtasidagi muvozanatni mamlakat siyosatidagi muhim yutuq deb hisoblaydi.
Jahon banki esa mamlakatning kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarini Markaziy Osiyoda eng tizimli yondashuvlardan biri sifatida e’tirof etgan.
Tashqi siyosat masalasida ham O‘zbekistonning pozitsiyasi yetakchi tahlil markazlari tomonidan izchil baholanib kelinmoqda. Nufuzli “aql markaz”laridan bo‘lgan “Chatham House”ning Central Asia: Uzbekistan’s Regional Role (2023) tahlilida mamlakat tashqi siyosati “muvozanatli, ko‘p vektorli va konstruktiv” deb ta’riflangan. Ekspertlar O‘zbekistonni mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar bilan chiquvchi davlat sifatida ko‘radi.
Shuningdek, “Carnegie Endowment for International Peace” tahlilchisi Temur Umarov o‘zining maqolasida mamlakat tashqi siyosatini iqtisodiy manfaatlar va ichki barqarorlik bilan uyg‘unlashgan pragmatik model sifatida baholagan.
Bundan tashqari, pokistonlik siyosatshunos Muhammad Abbos Xon O‘zbekistonda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va islohotlarga konseptual va sivilizatsion yondashuvni ilgari surgan bo‘lib, uning “O‘zbekiston: Uchinchi renessans – taraqqiyot konsepti”asarida O‘zbekistondagi islohotlar milliy tarix, ma’naviy meros va zamonaviy davlat boshqaruvini uyg‘unlashtirgan taraqqiyot modeli sifatida talqin qilingan.
Muallifga ko‘ra, islohotlar “shok terapiyasi” orqali emas, jamiyat psixologiyasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat o‘rtasida yangi ijtimoiy kelishuv shakllanmoqda, tashqi siyosatda mojarolardan xoli, iqtisodiy diplomatiyaga tayangan yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, Abbos Xon O‘zbekistonni “Markaziy Osiyo, Islom olami va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi strategik bog‘lovchi halqa” sifatida ta’riflab, mamlakatda ilgari surilayotgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasini milliy taraqqiyotning uzoq muddatli konsepti sifatida ko‘rsatgan.
Umuman olganda, xorijiy ekspertlar — xalqaro moliya institutlari, tahlil markazlari va mustaqil olimlar fikrlari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar barqarorlik, evolyutsion islohotlar va ochiq tashqi siyosat uyg‘unligida rivojlanmoqda. Davlat boshqaruvida institutsional modernizatsiya, fuqarolik jamiyatida ijtimoiy muloqotning kengayishi, iqtisodiyotda ijtimoiy yo‘naltirilgan o‘sish va tashqi siyosatda muvozanatli yondashuv mamlakatni mintaqada ishonchli va mas’uliyatli sherik sifatida namoyon qilmoqda.