Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi(UNFPA) tomonidan “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti hamda Vishnevskiy nomidagi Demografiya instituti bilan hamkorlikda “Yozgi maktab” ochildi. Ushbu muassasaning maqsadi yosh mutaxassislarimizning aholishunoslikka doir tahlil olib borish salohiyatini kuchaytirishdan iborat.
Maktab tinglovchilarga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud bilim va malakani oshirish imkonini beradi. Jumladan, O‘zbekistondagi demografik rivojlanishga oid muammolar, aholishunoslik bilan bog‘liq tahlil yuritish va taxminlarni ilgari surishga yo‘naltirilgan vazifa, usullar, sohaga joriy etilayotgan yangi texnologiyalar, yangicha yondashuvlar o‘rganiladi. Shu bilan birga “GRETL” dasturi yordamida vaqtli qatorlarni tahlil qilish, faraz ssenariylarini ishlab chiqishda “ARIMA” modelidan foydalanish, ushbu modeldan foydalangan holda O‘zbekiston uchun tug‘ilish, o‘lim va migratsiya prognozi ssenariylarini yaratish borasidagi bilimlarni takomillashtirishga ko‘maklashiladi.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakili o‘rinbosari Kamolxon Inomxo‘jayev aytishicha, yozgi maktab yosh olimlar, mutaxassislar uchun qiziqarli va juda foydali. Jamg‘arma joriy yil o‘z sa’y-harakatini aholi soni o‘zgarishini taxmin qilish tizimi bo‘yicha milliy salohiyatni rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratadi.

Yurtimizda yosh demograflar tarmog‘ini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lmish ayni loyihada sohaning yetakchi olimlari, professorlari, taniqli xalqaro ekspertlar ma’ruza va taqdimotlari bilan qatnashmoqda.
Masalan, birinchi kun Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Anvarxo‘ja Shoazizov “O‘zbekistonda demografik rivojlanish muammolari” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatimizdagi bugungi demografik vaziyat, mavjud tahdidlar haqida ma’lumot berdi.
G.Sattorova,
O‘zA