Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish kabi juda katta ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan umummilliy tadbir amalga oshirildi. Ushbu jarayon mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash, demografik va iqtisodiy siyosatni ilmiy asosda shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish masalasi 2019 yil 5 fevraldagi Prezident farmoni hamda 2020 yil 16 martda qabul qilingan «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun bilan huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Pandemiya sabab kechiktirilgan ushbu tadbir bugungi kunda yangi sharoitda amalga oshirilmoqda.
So‘nggi besh yilda mamlakatimizda katta iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar kuzatildi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi, aholi soni 38 milliondan ortdi, iqtisodiyotga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar 43 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Shu bilan birga, ishsizlik darajasi pasayib, millionlab aholi daromadlari o‘sdi, minglab mahallalar kambag‘allikdan xoli hududga aylandi.
Bu kabi o‘zgarishlarning barqarorligini ta’minlash, mehnat bozori, bandlik, ta’lim va kasb tayyorlash bo‘yicha aniq prognozlar ishlab chiqish uchun aholining haqqoniy soni va tarkibi haqida ishonchli ma’lumotlar zarur. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi farmoni asosida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha keng ko‘lamli tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Dastlab, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Keyingi bosqichda esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar uyma-uy yurib, aholi va qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlarni yig‘adi. Jarayonda aholining yoshi, ta’lim darajasi, bandlik holati, migratsiyasi, shuningdek, yerdan foydalanish va chorvachilikka oid ko‘rsatkichlar qamrab olinadi.
Aholini ro‘yxatga olish yanvar–fevral oylarida o‘tkazilishi tasodifiy emas. Bu davrda aholining asosiy qismi doimiy yashash joylarida bo‘ladi, o‘quvchilar va talabalar ta’lim jarayonida ishtirok etadi, bu esa ma’lumotlarning aniqligini oshiradi. Ro‘yxatga olishning elektron shaklda amalga oshirilishi ma’lumotlarning tezkorligi va ishonchliligini ta’minlaydi.
Qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratilishi ham zamonaviy iqtisodiy sharoit bilan bog‘liq. Erkin bozor munosabatlari sharoitida ko‘p tarmoqli agrosanoat tizimida aniq statistik ma’lumotlarsiz samarali siyosat yuritish qiyin. Shu bois, so‘rovnomalarda yerdan foydalanish va qishloq xo‘jaligi faoliyatiga doir savollar muhim o‘rin egallaydi.
Ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan barcha ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Bu esa aholining ishonchini mustahkamlab, tadbirning samaradorligini oshiradi.
Aholini ro‘yxatga olish — mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi, demografik holati, mehnat resurslari va kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash uchun eng to‘liq va ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlar asosida davlat boshqaruv qarorlari qabul qilinib, milliy rivojlanish dasturlari ishlab chiqiladi.
Bahodir Umurzoqov,
iqtisod fanlari doktori, professor.