Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri  2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi
11:13 / 2025-09-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadlari: 

a) mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish; 

b) 26 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining foydalanish holatini o‘rganish, chorva mollari va parrandalar sonini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m byudjet mablag‘lari samarali sarflanishini, sohadagi xizmatlar hajmini aniqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plamini yaratish; 

v) aholi va qishloq xo‘jaligining o‘sish tendensiyalarini hududlar kesimida aniq hisob-kitob qilgan holda ijtimoiy soha ob’ektlarini kengaytirishga yo‘naltirilayotgan yillik 25,2 trillion so‘m mablag‘ning manzilli sarflanishini ta’minlash; 

g) respublikaning har bir ma’muriy-hududiy birligi va mahallalar kesimida aholining turli tavsiflari to‘g‘risida yagona statistik uslubiyot asosida xalqaro darajada taqqoslash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirish orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini va xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashdan iborat bo‘ladi. 

O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026 yil 15 yanvar holatiga ko‘ra 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. 

Tadbirni o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi va uning tarkibi tasdiqlanadi. 

Milliy statistika qo‘mitasi Respublika komissiyasining ishchi organi etib belgilandi. 

Komissiya zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi: 

a) ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning o‘z vaqdida hamda sifatli amalga oshirilishini ta’minlash; 

b) ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish hamda uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqish; 

v) ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning mehnatiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etish ishlarini tashkil etish; 

g) ro‘yxatga olish tadbiri doirasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish. 

Ro‘yxatga olish tadbiri "mahalla yettiligi" tizimida ishlovchi xodimlarni 2025 yil 15 dekabrdan 2026 yil 1 martgacha bo‘lgan davrda jalb etish orqali o‘tkaziladi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Milliy statistika qo‘mitasi hamda mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda "mahalla yettiligi" tizimida ishlovchi xodimlar planshet qurilmalaridan foydalangan holda ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishini ta’minlaydi. 

Ro‘yxatga olish tadbirida ro‘yxatga oluvchi sifatida ishtirok etadigan "mahalla yettiligi" tizimida ishlovchi xodimlar va boshqa jalb etiladigan xodimlar Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash" loyihasi doirasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida (soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni inobatga olgan holda) bir martalik rag‘batlantiriladi. 

Rag‘batlantirish to‘lovlari tegishli vazirlik, idora va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining so‘rovnomasiga asosan Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan moliyalashtiriladi. 

Ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etiladigan xodimlar uchun ularning asosiy ish joyi, lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi. 

2025 yil 10 oktyabrga qadar Milliy statistika qo‘mitasiga: 

a) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi har bir mahalla kesimida ko‘chalar bo‘yicha xonadonlar va aholi soni to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlarni; 

b) Kadastr agentligi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanayotgan tashkilotlar ro‘yxatini elektron shaklda taqdim etadi. 

Davlat organlari va tashkilotlari 2026 yil 15 yanvardan 31 yanvarga qadar o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlaydi. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi respublikadagi barcha o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallarida tahsil olayotgan talabalarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tkazadi. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston fermerlari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklari bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari, yuridik shaxs tashkil etgan dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar va asosiy faoliyati qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanayotgan korxona va tashkilotlarning Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tishini, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2025 yil 1 noyabrdan boshlab aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etilishini ta’minlaydi.

O‘zA