Dunyoda yiliga 18 million kishi yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etayapti.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlarida shunday raqamlar keltiriladi.
Bu esa o‘lim hodisasining 31 foizini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, bugungi kunda 31 foiz holatlarda o‘limning sababchisi yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lmoqda. Yurak-qon tomir tizimidagi kasalliklari tufayli vafot etayotgan kishilarning 75 foizi daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlar aholisiga to‘g‘ri keladi. Yaqinda AQSHda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra bugun ayollar, ayniqsa yosh xotin-qizlar o‘rtasida yurak falaji va xurujiga uchrash holati tobora ko‘paymoqda.
Ayniqsa, ushbu kasalliklar oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holatlari bo‘yicha yurak-qon-tomir kasalliklari nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda ham birinchi o‘rinda turadi. Buning asosiy sabablari tashqi muhitning o‘zgarishi, aholi o‘rtasida kam harakatlilik – gipodinamiya, jismoniy va ruhiy zo‘riqish, ratsionda hayvon yog‘lari ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish, chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish. Ushbu omillar yurak-qon tomir kasalliklarining aholi orasida keng tarqalishiga va yosharib borayotganiga asosiy sabab sifatida ko‘rsatish mumkin.
Haqiqatdan, yurak-qon tomir kasalliklari yosharib bormoqda. Ilgari bu kasalliklar asosan qariyalarda uchragan bo‘lsa, hozirda 20 yoshli insonlarda ham miokard infarkti, arterial gipertoniya, yurak ritmining o‘tkir buzilishi kabi kasalliklar uchramoqda.
Tahlillar mamlakatimizda 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi hanuzgacha yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelayotgani ko‘rsatmoqda. So‘nggi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari 20 foizga, hatto yoshlar orasida ham ko‘paygan. 40 yoshdan yuqori aholining 20-25 foizida gipertoniya alomatlari mavjud. Shu bois, kardiologik va kardiojarrohlik xizmatlari sifatini yaxshilash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Mamlakatimiz Prezidentining «Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ayni maqsadlarga qaratilgan.
Qarorga binoan, 2022 yildan boshlab 40 yoshgacha bo‘lgan aholining yiliga bir marta salomatlik profili (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlikning mavjudligi, tana vazni, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) baholanadi; 40 yoshdan oshgan aholi birlamchi bo‘g‘inda yiliga kamida bir marta manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi; yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholi enalapril dori vositasi bilan bepul ta’minlanadi. Buning uchun 2022–2024 yillarda 12 mlrd. so‘m ajratiladi.
2022 yil yakuniga qadar tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shu jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari va ularning asoratlari profilaktikasi, o‘z kasalligini doimiy nazorat qilib borish ko‘nikmasini shakllantirishni o‘rgatuvchi «Profilaktika maktablari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» xonalari tashkil etilib, bemorlar 35 turdagi tarqatma materiallar bilan ta’minlanadi.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarini koagulometr uskunasi va zarur reaktivlar bilan ta’minlash hamda «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» xonalarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar) byudjetlarida 350 mln. so‘mgacha mablag‘ ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, 2022 yilda «Sog‘lom turmush tarzi» platformasidan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida Davlat byudjetidan 100 mlrd. so‘m ajratiladi. har yili tuman va shaharlarda fitnes uchun sharoitga ega ko‘chalar mavjud bo‘lgan bittadan namunali mahallalar tashkil qilinadi. 2022 yil yakuniga qadar: tuman (shahar) shifoxonalarini 4 turdagi kardiologiya uskunalari (EKG, ExoKG, xolter-monitor va defibrillyator) bilan jihozlash hisobiga ko‘rsatiladigan xizmatlar turi 15 taga yetkaziladi; Respublika kardiologiya markazining hududiy filiallarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turi bosqichma-bosqich 15 turdan 35 turgacha oshiriladi; Markazning klinikasi ko‘p tarmoqli klinika sifatida transformatsiya qilinib, yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilinadi.
Mazkur laboratoriyalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash uchun Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi xalqaro moliya tashkilotlari hamda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 5 mln. dollar yo‘naltiriladi. Shuningdek, oilaviy shifokorlar ishi samaradorligini oshirish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining protokoliga asoslangan yurak-qon tomir kasalliklari xavfini baholovchi mobil ilova yaratilib, amaliyotga joriy etiladi.
Qarorga binoan, Respublika Kardiologiya markazining mavjud shtatlari doirasida hududiy filiallar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, 2022 yil yakuniga qadar, keyinchalik esa har yili Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning nufuzli markazlarida 30 nafardan kardiolog mutaxassislarning malakasini oshirish; 14 mingta tibbiyot brigadalarining oilaviy shifokorlarini yurak-qon tomir kasalliklarini barvaqt aniqlash va davolashga o‘qitish; birlamchi bo‘g‘indagi 500 nafar mutaxassis kardiologiya va laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash; oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda shifokor oldi ko‘rik xonalarini tashkil qilish hamda 15 ming nafar hamshiralarni maxsus onlayn kurslarda o‘qitish choralari ko‘riladi.
Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2022–2024 yillarda Davlat byudjetidan 272 mlrd. so‘m mablag‘ hamda xalqaro moliya tashkilotlari kredit mablag‘lari hisobidan 5 mln. dollar mablag‘ ajratiladi. Qabul qilingan qaror yurtimizdagi islohotlar ko‘zbo‘yamachilik yoki hisobot uchun emas, balki inson qadri uchun, mamlakatimiz fuqarolari, kelajak avlodning salomatligi uchun o‘tkazilayotganining dalilidir.
Shu o‘rinda bir masalaga to‘xtalmoqchiman. O‘zbekiston uchun eng katta boylik – bu uning sog‘lom xalqi va yoshlari. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 yanvar kuni O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan mana bu fikr ham gapimizning isbotidir. «Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz».
Inson qadri deganda, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz. Shu bilan birga qabul qilingan qaror kuchli ijtimoiy himoyani eng ustuvor yo‘nalish deb bilgan va amalda buni ta’minlayotgan davlatimiz tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir real qadam hisoblanadi.
Toshpo‘lat MATIBAEV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisining o‘rinbosari