Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda 70 foizdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tdi
20:02 / 2026-02-27

2025-yil mamlakatimizda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish, sohani to‘liq raqamlashtirish hamda shaffoflikni ta’minlash borasida muhim bosqich bo‘ldi. Yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida kadastr tizimida aniq hisob-kitob va huquqiy tartibni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirildi.

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda qayd etilganidek, o‘tgan yil yakunlari kadastr sohasida raqamlashtirish, ochiqlik va huquqiy tartibga solish yo‘nalishlarida sezilarli natijalarga erishilganini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda respublikadagi jami 44,9 million gektar yer maydonining 42,5 million gektari yoki 94,7 foizi “UZKAD” axborot tizimiga kiritilib, elektron xaritalari yaratildi. Shundan 41,7 million gektar yer maydoni 2,3 million nafar yerdan foydalanuvchilar kesimida kadastr yig‘ma jildlari shakllantirilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu yer resurslaridan samarali foydalanish va ularning huquqiy maqomini aniq belgilashda muhim qadam bo‘ldi.

2025-yil yakuniga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 8 845,8 mingtani tashkil etdi. Bu - yil boshiga nisbatan 297,5 mingtaga ko‘p. Jumladan, yakka tartibdagi turar joylar — 6 340,7 mingta, noturar joylar 823,4 mingta, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar — 1 681,7 mingtani tashkil etadi. Jami ob’ektlarning 6 247,6 mingtasi yoki 70,6 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shu bilan birga, 2 598,2 mingta ob’ekt hali ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Ro‘yxatdan o‘tmagan ob’ektlarning 303 mingtasida huquqiy hujjat mavjud bo‘lsa-da, davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. 2 295,2 mingtasi esa huquqiy hujjati mavjud bo‘lmagan ob’ektlardir. Bu ko‘rsatkichlar kelgusida huquqiy tartibga solish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

—2025-yil davomida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun 78 ming 47 ta, umumiy maydoni 12 056,7 gektar bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalari “Yerelektron” tizimiga kiritildi, — deydi Davlat kadastrlari palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Inamov. — Shundan 42 ming 686 tasi yoki 6 100,9 gektari auksion savdolariga chiqarildi. Bu yer ajratish jarayonlarida ochiqlik va raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qilmoqda. O‘tgan yil davomida jami 4 774,4 mingta kadastr xizmati ko‘rsatildi. Shundan 1 158,8 mingtasi kompozit shaklda, ya’ni bir nechta xizmatni o‘z ichiga olgan tarzda amalga oshirildi.  

Hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus vakolatli organlar bilan institutsional hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 665 ta umumprofilaktik tadbir hamda 443 ta ommaviy axborot vositalari orqali huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

[gallery-27902]

Nazorat tadbirlari doirasida 100 dan ortiq xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 98 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. 11 ta holat bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Shuningdek, 791 ming 556 ta ob’ekt tizimga migratsiya qilindi. 726 442 tasi faol ob’ekt sifatida ro‘yxatga olindi. 419 ming 487 ta ob’ektda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari aniqlandi.

Ushbu holatlar “E’tirof” tizimi orqali ko‘rib chiqilib, respublika bo‘yicha 36 ming 417 ta ob’ektga viloyat kengashlari qarorlari asosida huquqlar e’tirof etildi.

2025-yil davomida Davlat kadastrlari palatasiga jami 88,3 mingta murojaat kelib tushdi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ijrosi to‘liq ta’minlandi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA