English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda 6 oyda 23 mingdan ortiq holatda o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari ro‘yxatga olingan
17:22 / 2025-07-14

Yoz faslida ko‘proq bolalar o‘rtasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari tez-tez uchrab turadi. Bu kasalliklarni turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga qorin tifi, salmonellyoz, ichburug‘, virusli gepatitning “A” turi, vabo va boshqa bir qator yuqumli kasalliklar kiradi. Bu kasalliklarni aksar hollarda bakteriyalar va viruslar qo‘zg‘atadi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 1 milliarddan ortiq diareya kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar ro‘yxatga olinadi, ulardan 5-10 million bemor vafot etadi.

Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, yurtimizda 2025 yilning 6 oyi davomida qariyb 23 ming 558 holatda o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari ro‘yxatga olingan. Hududlar kesimida olib qaralganda Toshkent shahri, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng yuqori ko‘rsatgichda ushbu kasallik qayd etilgan.

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova AOKAda o‘tgan brifingda batafsil ma’lumot berdi: 

– Yosh jihatdan eng ko‘p holat kichik yoshdagi bolalar o‘rtasida (1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 5000 dan ortiq, 1-3 yoshdagi bo‘lgan bolalar orasida 7678, 4-6 yoshdagilarda 3184, 7-14 yoshdagilarda qariyb 2000 ta, 15-19 yoshdagilarda 756, 20 va undan katta yoshdagilarda 4938 holat) uchraydi.

Mutaxassislarning o‘rganishlariga ko‘ra, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari yoz oylarda ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘ladi. Yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilganda, yosh bolalar iste’mol qilishi uchun mo‘ljallangan sun’iy ovqatlarni tayyorlash qoidalariga rioya qilinmaganda, ho‘l mevalar yaxshi yuvmasdan iste’mol qilinganda, ochiq suv havzalarida cho‘milganda suv bilan mikroblarning organizmga tushishi natijasida, ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘lganda, sifati kafolatlanmagan antisanitar holatda sotilayotgan tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, salqin ichimliklar, sharbatlar, ayron va boshqa ichimliklarni iste’mol qilish ham o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining qayd etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari asosan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘proq uchrayotganini inobatga olib, bolalar parvarishida gigiyenik tavsiyalarga amal qilish muhim sanaladi. 

Qaynatilgan suv va oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishning garovidir.

Mohigul Qosimova, O‘zA