So‘nggi yillarda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali ularning to‘lov kartalaridan pul o‘g‘irlash holatlari keskin ko‘paygan.
Birgina 2025-yilda dunyo kiberjinoyatchilikdan 11,5 trillion dollar miqdorda moliyaviy zarar ko‘rgan bo‘lsa, 2026-yil yakuniga borib, bu raqam qariyb 26 trilliondan oshishi mumkin. O‘zbekistonda ham so‘nggi 5 yilda kiberjinoyatlar 70 barobarga oshgan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida “Kiberxavfsizlik: zamonaviy tahdidlar va himoya strategiyalari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari, Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Kiberxavfsizlik markazi mutaxassislari hamda bank vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, bugun raqamli texnologiyalar kirib bormagan soha qolmadi. Odamlar har kuni onlayn-banking, davlat portallari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va savdo sohalarida raqamli xizmatlardan keng foydalanyapti. Natijada raqamli dunyoda shaxsiy ma’lumotlarning katta jamlanmasi paydo bo‘ldi va bu dunyoda kiberjinoyatchilik deb atalmish yangi jinoyat turining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

- So‘nggi yillarda bu jinoyat shunchalik tez rivojlanyaptiki, yaqin yillarda kiberjinoyatlar turi 20 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugun 60 tadan oshdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas, avvalo o‘zimizning, har bir fuqaroning kundalik mas’uliyatiga aylanmog‘i lozim, – dedi partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova.
Qonunchlik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zuhra Mirg‘oziyeva raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq qonunchilik haqida ma’lumot berar ekan, texnologiyalar jadal rivojlangani sari qonunchilikni ham doimiy takomillashtirish talab etilishini ta’kidladi.
Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, bank-moliya sohasidagi muassasalar, onlayn to‘lov jarayonlarini amalga oshiruvchi tizimlar, savdo majmualari, mehmonxona va savdo terminallaridan eng ko‘p foydalanayotganlar jinoyatchilarning asosiy diqqat-markaziga tushmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili shaxsiy ma’lumotlar orqali fuqarolarning to‘lov kartalaridan pul o‘g‘irlash holatlari keskin ko‘payganini ta’kidladi.
Muhokamalarda mutaxassislar tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA