French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda 48.000 dan ortiq OIVga chalingan shaxslar yashab kelmoqda
20:48 / 2023-06-08

Uzoq vaqt xorijda bo‘lib O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar orasida, keyingi paytlarda OIV, ya’ni odamning immunitet tanqisligi virusi infeksiyasi sezilari darajada qayd etilmoqda. Bu haqda “OITSga qarshi kurashish maqsadida olib borilayotgan ishlar” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, xorijda ma’lum vaqt bo‘lib, mamlakatimizga qaytgan fuqarolar orasida OIV infeksiyasiga chalinish holatlarining 20 foizi migrantlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

OIV bu — Odamning Immunitet Tanqisligi virusi bo‘lib,  faqat odamlarda uchraydigan yuqumli kasallikdir. Kasallik manbai OIVni yuqtirib olgan odam hisoblanadi. Virus bemor odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. OIV infeksiyasida me’yorda ishlab turgan immun tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Ammo virus organizmda ko‘payib asta-sekin immun tizimini mutlaqo izdan chiqaradi va natijada, OITS rivojlanadi.  

OITS bu — Orttirilgan Immunitet Tanqisligi Sindromi bo‘lib,  odam immun tizimining immunitet tanqisligi virusi shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan xastalikning so‘nggi bosqichidir. Shu bois imkon qadar dastlabki bosqichning oldini olish muhim ahamiyatga egadir.  

OIV infeksiyasi asosan 3 xil yo‘l bilan yuqadi.  Parenterial (qon orqali), jinsiy aloqa orqali hamda vertikal (onadan bolaga) yuqishi kabi holatlar shular jumlasidandir.  Achinarlisi, bugungi kunda Respublikamizda            Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi bilan 48 mingdan ortiq shaxslar yashab kelmoqda.  

Joriy yilning 8 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan “OITSga qarshi kurashish maqsadida olib borilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berilishicha, Respublikamizda Hukumat rahbarligida, OIV infeksiyasiga qarshi kurashish chora tadbirlari olib borilib, tegishli qarorlar(3493 va 3800-sonli) qabul qilingan. Ushbu qarorlar ijrosini ta’minlash davomida 63 ta tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalar OITSga qarshi kurash markazlari tasarrufiga o‘tkazilib, zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, har bir viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari negizida 5 tadan 40 tagacha OIV bemorlarga xizmat ko‘rsatadigan o‘rinlar tashkil etilgan. So‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan. Hukumatimiz tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish esa 80% ni tashkil etmoqda.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vyvfofXiz8g" title="O‘zbekistonda 48.000 dan ortiq OIVga chalingan shaxslar yashab kelmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Shu bilan birgalikda, bugungi kunda bemorlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib kelinmoqda. Respublikamizda OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minoti amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 99,7% bolalarning sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda.

2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun, 2025 yilga qadar “95-95-95” strategiyasiga erishish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, bu strategiyani amalga oshirish uchun OIVga tekshiruvlar sonini yanada oshirilishi talab etiladi.  

Joriy yil yakuniga qadar esa Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida, xorijdan O‘zbekistonga OIV(Odamning Immun Tanqisligi Virusi)ni olib kirayotgan fuqarolarni o‘z vaqtida aniqlash bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.  

M. Eshmirzayeva, A.Sodiqov, O‘zA