O‘zbekistonda 4 million 112 ming xavf osti guruhiga mansub aholi bor
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, mamlakatimizda 4 million 112 ming aholi xavf osti guruhiga mansub bo‘lib, koronavirusga qarshi vaksina bilan xavflilik darajasidan kelib chiqib, dastlab 65 yoshdan yuqori bo‘lganlar hamda tibbiyot xodimlari emlanmoqda.
Shuningdek, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar , ommaviy axborot vositalari xodimlari, xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar emlanishi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha emlash tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahridan boshlanib, bugun ham davom etmoqda.
May oyida tumanlar va kichik shaharlarda, iyun oyida esa respublikamizning qolgan hududlarida emlash tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA