Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, mamlakatimizda inson a’zolarini 3D bioprinter asosida chop etish imkoniyatini yaratish yo‘lida muhim ilmiy natija qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti tadqiqotchisi Olimjon Boymatov tomonidan bioprinterlar uchun zarur bo‘lgan bio-siyohni mahalliy o‘simliklar asosida olish usuli ishlab chiqildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, inson organizmiga mos, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan maqbul bio-siyoh yaratish masalasi uzoq yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan. Ilmiy izlanishlar natijasida bu yo‘nalishda muayyan yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, amaliy jihatdan keng qo‘llash mumkin bo‘lgan samarali yechimlar yetarli emas edi.
Olim mazkur tadqiqotlarini yanada chuqurlashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan stajirovka dasturi doirasida Germaniyadagi Leypsig universitetida ilmiy ishlar olib bordi. U yerda zamonaviy bioprint texnologiyalari, shuningdek gidrogellar tayyorlashning yangi usullari o‘rganildi va shu asosda yangi tarkib yaratishga erishildi.
–Yurtimiz olimlari inson organizmiga to‘liq mos tushadigan, zararsiz shu bilan birga narx jihatdan ham ancha arzon, mahalliy sharoitda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan bio-siyoh yaratish bo‘yicha uzoq yillardan beri izlanish olib borayotgan edi. Yillar davomida olingan natijalar biz kutganchalik samarali bo‘lmagan. 2024 yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilingan stajirovka tanlovida ishtirok etdim va Germaniyaning nufuzli Leypsig universitetida zamonaviy bioprint texnologiyalari hamda gidrogellar olish bo‘yicha yangi metodlarni o‘rgandim. Natijada inson a’zolarini 3D bioprinterda chop etish imkonini beruvchi bio-siyoh bo‘yicha ijobiy xulosalar oldim. Yangi gidrogel tarkibi mahalliy o‘simliklar polisaxaridlaridan iborat bo‘lib, unda inson hujayralari - iMSC yashay oladi va rivojlanadi. Bu esa inson tanasiga begona bo‘lmagan, tez moslashuvchan va xavfsiz sun’iy a’zolar hamda to‘qimalarni chop etishda ayni muddao, – deya ta’kidladi Olimjon Boymatov.
Yangi gidrogel mahalliy o‘simliklardan olingan polisaxaridlar asosida tayyorlangan bo‘lib, inson hujayralari uchun qulay muhit yarata oladi. Bu esa sun’iy to‘qima va a’zolarni chop etish jarayonida materialning biologik mosligi va xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur ishlanma Intellektual mulk agentligi tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy xulosa berilgan va hozirda uni patentlash jarayoni davom etmoqda.
Ma’lumki, bugungi kunda jahonda organ transplantatsiyasiga muhtoj bemorlar soni ortib bormoqda. Donor topish imkoniyati cheklangani sababli, bioprint texnologiyalari tibbiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Hozirga qadar olib borilgan tadqiqotlar qon tomirlar, teri va tog‘aylar, qolaversa yurak, jigar va buyrakni shu usulda chop etish mumkinligini tasdiqlagan.
Xabarda qayd etilganidek, mahalliy xomashyo asosida bio-siyoh ishlab chiqarish kelajakda donorlik a’zolariga bo‘lgan ehtiyojni qisqartirish, ko‘plab bemorlar hayotini saqlab qolish hamda mamlakatimiz ilm-fani va tibbiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA