Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda 30 ming gektardan ziyod bog‘ va tokzorlar barpo qilindi (+video)
16:16 / 2025-12-23

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish — xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. So‘nggi yillarda respublikamiz hududida meva-sabzavotlar yetishtirish hajmini oshirish, qir-adirlar, tog‘ oldi, lalmi yerlar hamda samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida sanoatlashgan, intensiv mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish, qayta ishlash va eksport salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada yaxlit tizim yaratilib, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi zimmasiga bir qator vazifalar belgilab berilgandi.  

Natijada 2025 yil davomida 30 ming gektardan ortiq maydonda bog‘ va tokzorlar tashkil etildi. Muhimi bu bog‘lar soha mutaxassislarining o‘rganishlari va ilmiy asoslangan xulosalari, tavsiyalari asosida yaratildi. O‘tqazilgan ko‘chatlar iqlimlashtirilgan, yerning ball bonitetiga mos va  eksportga mahsulot bera olish xususiyatiga ega. Bir so‘z bilan aytganda an’anaviy bog‘dorchilik o‘z o‘rnini yangi tizimga bo‘shatib berayotir.  

2025 yilda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan bog‘dorchilik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytilganidek fermer va dehqon xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida davlatimiz tomonidan belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Joriy yilning bahor oylarida jami 19.2 ming gektar, kuz oylarida esa jami 11.7 ming gektardan ortiq maydonda bog‘ va tokzorlar tashkil etildi.  

Shuningdek, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida respublika bo‘yicha qiymati 1.5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 1 million 600ming tonna meva mahsulotlari dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilingani ta’kidlandi. Yangidan barpo etilgan bog‘lar 2–3 yil ichida hosilga kirishini inobatga olganda, yaqin 3–5 yil ichida meva mahsulotlarining eksport hajmi 30 foizgacha oshishi kutilmoqda.  

Matbuot anjumanida erishilayotgan ushbu natijalar Prezidentimiz tomonidan bog‘dorchilik sohasini rivojlantirish uchun yer egalariga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, berilgan imtiyozlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari hamda ilg‘or tashabbuslar samarasi ekani qayd etildi.  

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CfvfssSS0EU" title="O‘zbekistonda 30 ming gektardan ziyod bog‘ va tokzorlar barpo qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA