O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekistonda 2030 yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilandi: Ular:
a) turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;
b) chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimini ko‘paytirish;
v) turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd AQSH dollaridan oshirish;
g) O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda yo‘lga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;
d) 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;
j) turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish;
z) jahonda keng taniladigan O‘zbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.
Qaror bilan:
a) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari;
b) O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar ro‘yxati kengaytiriladi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida bo‘lish bilan bog‘liq tartib-taomillar soddalashtiriladi.
2026-2028 yillarda quyidagi loyiha va chora-tadbirlarni amalga oshiradi:
a) Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy ob’ektlarni bog‘lovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish bo‘yicha "Samarqandning meros yo‘li" loyihasi;
b) aholining turmush tarzi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uyg‘unlashtirgan holda Xiva shahridagi Ichan-qal’a majmuasini jahonda yagona bo‘lgan immersiv va "aqlli" muzey-shaharga aylantirish;
v) Toshkent shahri bo‘yicha:
modernizm yodgorliklarini YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha materiallar taqdim etish;
eng ko‘p mozaikalar bor shahar sifatida jahon miqyosida e’tirof etilishiga erishish.
O‘zA