O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi doirasidagi video-murojaati insoniyatning kelajakdagi uchun dunyo hamjamiyati birdamlikda jiddiy bosh qotirishi va dolzarb tadbirlarni amalga oshirishi lozimligini yorqin ifodalab berdi.
Mazkur nutq qator global hamda mintaqaviy ahamiyatga molik o‘ta muhim tashabbuslar ilgari surilgani bilan xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini o‘ziga tortdi va O‘zbekistonning bu safargi ishtiroki ham jahon tarixidan munosib joy egalladi.
Tashabbuslar qatorida BMT shafeligida 2023 yilda O‘zbekistonda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha yuqori darajadagi oltinchi assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.
Ma’lumot uchun aytish o‘rinliki, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha assambleyasi (YUNEP) o‘ziga xos shakllanish tarixiga ega bo‘lgan xalqaro tashkilot hisoblanib, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari (Rio +20) nomi bilan tanilgan Konferensiyasida dunyo mamlakatlari rahbarlarining chaqiriqlari asosida 1972 yilda joriy qilingan Atrof-muhit bo‘yicha BMT dasturining mavqei va darajasini oshirish maqsadida 2012 yilning iyun oyida tashkil etilgan.
U ekologik masalalar borasida butunjahon miqyosida qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan xalqaro organ sanaladi va bugungi kunga qadar insoniyat oldida turgan eng muhim ekologik muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Umumiy a’zolikka asoslangan va hozirda 193 ta a’zo mamlakatdan tarkib topgan assambleyani geografik rotatsiya asosida ikki yil muddatga saylanadigan 10 nafar atrof-muhit vazirlaridan iborat byuro va uning raisi boshqaradi.
Doimiy vakillar qo‘mitasi assambleyaning hukumatlararo-idoralararo organidir. Qo‘mitani BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi a’zosi bo‘lgan 118 nafar doimiy vakillar boshqaradi hamda rasman 1985 yil may oyida Boshqaruvchilar kengashining (hozirda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha assambleyasi) yordamchi organi sifatida tashkil etilib, ikki yil muddatga saylanadigan besh kishidan iborat byuro rahbarligida faoliyat yuritadi.
Yil davomida a’zo davlatlar qo‘mitaning ochiq majlislarida rasmiy tayyorlov muhokamalarida qatnashadi. Qo‘mita BMTning Atrof-muhit bo‘yicha assambleyasi kun tartibini tayyorlaydi, siyosiy masalalar bo‘yicha tavsiyalar beradi, qabul qilish uchun uning qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi va bajarilishini nazorat qiladi.
Ushbu nufuzli xalqaro tashkilot tomonidan hozirgi kungacha assambleyaning shtab-kvartirasi joylashgan Keniya davlatining Nayrobi shahrida beshta sessiyasi o‘tkazilgan bo‘lib, ularda xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar muhokama qilingan. Chunonchi:
– 2014 yilning 23-27 iyun kunlari BMTning Atrof-muhit bo‘yicha birinchi assambleyasida Barqaror rivojlanish maqsadlari va 2015 yildan keyingi rivojlanish kun tartibi, shu jumladan, barqaror iste’mol va ishlab chiqarish hamda yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi masalalarida vazirlar darajasida muloqot o‘tkazilgan;
– 2016 yilning 23-27 may kunlari bo‘lib o‘tgan BMTning Atrof-muhit bo‘yicha ikkinchi assambleyasida yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi, ilmiy va siyosiy sohalardagi o‘zaro munosabatlar, kimyoviy moddalar va chiqindilar, dengiz muhitida plastmassaning mikrozarralari, havoning sifati, ekotizimga asoslangan moslashuv masalalari ko‘rib chiqilgan;
– 2017 yilning 4-6 dekabr kunlari BMTning Atrof-muhit bo‘yicha uchinchi assambleyasida sayyoramiz havosi, yer,suv va okeanlarning ifloslanishini tugatish, kimyoviy moddalar va chiqindilarni xavfsiz boshqarish borasida aniq majburiyatlarni bajarishga doir qator masalalar muhokama qilingan;
– 2019 yilning 11-15 mart kunlari BMTning Atrof-muhit bo‘yicha to‘rtinchi assambleyasida "Ekologik muammolar, barqaror iste’mol va ishlab chiqarishning innovatsion yechimlari" mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tgan;
– 2021 yilning 22-26 fevral kunlari o‘tkazilgan BMTning Atrof-muhit bo‘yicha beshinchi assambleyasi "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun tabiat vositasida harakatlarni jonlantirish" mavzusiga bag‘ishlangan.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistonda BMT shafeligida 2023 yilda Atrof-muhit bo‘yicha BMTning oltinchi assambleyasini o‘tkazish taklifining o‘ziga xos jihatlari va ahamiyati shundan iboratki, uning tag-zamirida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini har taraflama va keng qamrovli muhokamalardan o‘tkazish, Orol dengizi qurishi oqibatida vujudga kelgan ekologik ofat markazi bo‘lgan Orolbo‘yi mintaqasidagi og‘ir vaziyat bilan bevosita davlat rahbarlari, siyosatchilar, soha mutaxassislari, olimlar va keng jamoatchilik vakillarining yaqindan tanishish hamda zarur ilmiy va amaliy xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishga erishish, shu bilan birga, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish asosiy maqsad qilingan.
Yuqorida keltirilgan xalqaro-huquqiy atamaning nomlanishi va uning yuridik tabiati nimalardan iborat ekanligi barcha uchun qiziq, albatta. Jumladan, «xartiya» atamasi xalqaro tashkilotning ta’sis shartnomasi kabi rasmiy hujjatlarga nisbatan ishlatiladi.
«O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 4-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi– bitta hujjatdan, ikkita yoki bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta hujjatdan iborat bo‘lishidan, shuningdek o‘zining muayyan nomidan va tuzilish usulidan (shartnoma, bitim, konvensiya, akt, pakt, bayonnoma, xatlar yoki notalar almashinuvi hamda xalqaro shartnomaning boshqacha nomlari va tuzilish usullaridan) qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan chet davlat, xalqaro tashkilot yoxud xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lgan boshqa sub’ekt bilan yozma shaklda tuzilgan, xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan xalqaro kelishuv hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, BMT doirasida qator xalqaro masalalar ko‘tarilgan bo‘lib, ulardan biri sifatida BMT Bosh assambleyasining 37/7-rezolyutsiyasi asosida a’zo davlatlarga qayta ko‘rib chiqish uchun kiritilgan Butunjahon tabiat xartiyasi loyihasidir. Unda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni ifloslantirishning oldini olish hamda tabiatga zarar yetkazadigan jangovar harakatlardan tiyilish kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.
1982 yil 29 oktyabrda BMT Bosh assambleyasining 48-yalpi majlisida BMTning Butunjahon tabiat xartiyasi a’zo davlatlar tomonidan qizg‘in muhokamalar asosida (111 ta yoqlab, 18 ta betaraf va 1 ta qarshi ovoz bilan) qabul qilingan.Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat 10 yil avval bo‘lib o‘tgan BMTning Atrof-muhit bo‘yicha konferensiyasida ishlab chiqilgan Stokgolm deklaratsiyasi qoidalarini yanada rivojlantirdi.
Hujjatning o‘ziga xos tomoni shundaki, u birinchidan, deklarativ (yumshoq) norma bo‘lmasdan majburiy (qattiq) xususiyatga ega, ikkinchidan, BMTga a’zo barcha davlatlarning erki va irodasi o‘z ifodasini topgan.
BMT rezolyutsiyasi tashkilotning yozma hujjati (akti) hisoblanib, uni qabul qilishda a’zo davlatlarning kamida 50 foiz va undan yuqori ko‘pchilik ovozi talab qilinadi. Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalar, Xavfsizlik kengashi qarorlaridan farqli o‘laroq, tavsiyaviy xususiyat kasb etadi. Shuningdek, hujjat yuksak axloqiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lganligi bois hech bir davlat veto qo‘yish vakolatiga ega emas.
BMT tomonidan atrof-tabiiy muhitni ifloslantirishning oldini olishga qaratilgan qator rezolyutsiyalar qabul qilingan. Misol uchun, BMT Bosh Assambleyasining 42/186-sonli «2000 yil va undan keyingi davrlardagi istiqbollar» nomli rezolyutsiyasida global resurslar va ekologiyani avaylab asrash vayronkorona va shafqatsiz foydalanilgan tabiiy muhitni tiklashga asoslangan barqaror rivojlanish asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. BMT Bosh assambleyasining 42/187-sonli rezolyutsiyasida esa barqaror rivojlanish maqsadlariga barcha xalqaro institutlar, moliyaviy fondlar va hukumatlarning vazirlar darajasidagi vakillarini keng jalb etish hamda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturining vazifalarini yanada kuchaytirish kabi va boshqa qator tashkiliy masalalar belgilangan.
Tabiiy muhitni muhofaza qilishga oid mintaqaviy hujjatlar ham mavjud bo‘lib, 1989 yil 7-8 dekabr kunlari Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida JSST va Yevropa mintaqasi a’zo davlatlarining atrof-muhit bo‘yicha vazirlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda 2000 yil va undan keyingi davrlardagi istiqbollar haqidagi BMT Bosh assambleyasining 42/187-sonli rezolyutsiyasi,WHA42.26-sonli Butunjahon sog‘liqni saqlash Assambleyasi qarorlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa uchun sog‘liqni saqlash mintaqaviy strategiyasi hamda Atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha komissiyasi tegishli hujjatlari asosida Yevropaning atrof-muhit va sog‘liqni saqlash bo‘yicha xartiyasi qabul qilingan.
Unda hukumatlar va jamoat tashkilotlari tomonidan o‘z mamlakatlaridagi o‘ziga xos muammolarni hal qilish, tabiiy muhitning mahalliy, mintaqaviy va global miqyosda inson sog‘lig‘i va salomatligiga ta’sir etishining barcha bosqichida amaliy choralarni ko‘rib borish to‘g‘risida kelishib olingan. Yevropa mintaqasida ushbu hujjatning qabul qilinishi natijasida undagi talablar Yevropa Ittifoqiga a’zo ayrim davlatlarning konstitutsiyaviy qonunlarida ham aks eta boshlagan. Xususan, 2005 yil 1 martda Fransiyada 10 ta moddadan iborat Ekologik xartiya to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasida ham bu borada o‘tgan 5 yil mobaynida qator konseptual hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiya bilan ta’minlash konsepsiyasi, 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi shular jumlasidandir.
Yuqorida keltirib o‘tilgan hujjatlarda mamlakatimizning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha quyidagi:
atmosferani ifloslantiruvchi moddalar va chiqindilarni kamaytirish;
suv resurslaridan oqilona foydalanish;
iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yangi va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish;
qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish;
aholining qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olishni kengaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi bir qancha xalqaro konvensiyalar va tegishli protokollarga qo‘shilishi hamda ratifikatsiya qilish orqali global ekologik siyosatning faol ishtirokchisiga aylandi.Masalan, O‘zbekiston birgina 2017 yilda qo‘shilgan BMTning iqlim bo‘yicha Parij bitimi doirasida atmosferaga chiqadigan zararli moddalar va chiqindilarni 2030 yilda 2010 yilga nisbatan10% ga kamaytirish majburiyatini oldi.
Fikrimizcha, O‘zbekiston 2023 yilda o‘z mezbonligida o‘tkazishni taklif etgan BMTning Atrof-muhit bo‘yicha oltinchi assambleyasida quyidagi, ya’ni:
birinchidan, dunyoda suv resurslaridan oqilona foydalanishning konstruktiv mexanizmlarini joriy etishga oid tavsiyalar ishlab chiqish;
ikkinchidan, xalqaro hamjamiyat tomonidan biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yillar davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda ularning sur’ati va ta’sirchanligini oshirish, bu boradagi yangi innovatsion yondashuvlar doirasida o‘zaro ilg‘or xalqaro tajribalarni almashish;
uchinchidan, BMTning ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida yer yuzida tabiiy ofatlar natijasida 1,2 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan va buning oqibatida 3 trillion AQSH dollari miqdorida zarar ko‘rilgan. Jahon banki ekspertlarining ma’lumotiga ko‘ra, 21-asr oxirida hozirgi daraja saqlab qolingan taqdirda dunyodagi ob-havo harorati Selsiy bo‘yicha o‘rtacha 4, Markaziy Osiyoda esa 7 darajaga ko‘tariladi. Havo haroratining eng yuqori ko‘rsatkichi esa Orol dengizi hududiga to‘g‘ri kelishi taxmin qilinmoqda.Shu bois, dunyo hamjamiyati tomonidan ishlab chiqarish jarayonlariga yuqori texnologiyalar to‘liq jalb etilgan mamlakatlardagi tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiyalar ajratish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha to‘lovlar miqdorini keskin kamaytirish hamda davlat bojlaridan ozod qilish mexanizmlarini keng joriy etish taklifini bildirish;
to‘rtinchidan, dunyoda keng ko‘lamda yer va yer resurslaridan foydalanishning yangi zamonaviy yondashuvlari aks etgan innovatsion loyihalarga Jahon banki va xalqaro valyuta fondi, Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, shuningdek, davlatlarning sarmoyalarini kiritish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
beshinchidan, jahon hamjamiyati tomonidan muqobil energiya manbalarini keng qo‘llovchi mintaqa mamlakatlari tajribasini o‘rgangan holda rivojlanayotgan davlatlarga texnik yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalariga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Xulosa o‘rnida aytganda, 2023 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan Atrof-muhit bo‘yicha BMTning oltinchi assambleyasi global miqyosda olib borilayotgan ushbu yo‘nalishdagi xalqaro sa’y-harakatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Foziljon OTAXONOV
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari
instituti direktori, yuridik fanlar doktori