Ma’lumki, suv dunyodagi eng muhim va ayni paytda eng arzon tabiiy resurs hisoblanadi. Afsuski, suv manbalari cheksiz emas. Agar hozirdan suvni tejamasak, ushbu resursni asrashga doir keskin choralar ko‘rilmasa, vaziyat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy muammolarga olib kelishi aniq.
Suvni tejash, asrash maqsadida rivojlangan mamlakatlar aksariyati ichimlik suvi manbalarini keskin qisqartirgan. Misol uchun, Germaniya eng kam suv iste’mol qiladigan va obihayot uchun eng yuqori narxlarga ega mamlakatlardan biri. Har yili kishi boshiga o‘rtacha 311 kubometr suv ishlatiladi. Suvning har bir kubometri narxi 1,91 dollarga teng. Rivojlangan davlatlar orasida eng past narxga ega va jon boshiga eng ko‘p suv iste’mol qilinadigan mamlakatlardan biri bu – Kanada hisoblanar ekan. Mazkur davlatda har yili kishi boshiga 1420 kubometr suv iste’mol qilinadi va har bir kubometr uchun narx 0,40 dollarni tashkil etadi.
O‘zbekistonda esa xonadonlarda suvdan foydalanish, ayniqsa, dala hovlilardagi bog‘larda suv isrofgarchiligi juda yuqori. Ushbu xonadonlardagi ochiq suv havzalari (hovuz, basseynlar) ichimlik suvi bilan to‘ldiriladi. Ko‘p hollarda bu suv tez-tez yangilanadi. Avtoulovlarni tozalashda xam ushbu tanqis resurs ishlatiladi. Bog‘lar soatlab vodoprovoddagi ichimlik suvi bilan sug‘oriladi. Favvoralar va suv purkash tizimi qimmatbaho manba, ya’ni, ichimlik suvini katta miqdorda sarflaydi.
Shaharlardagi suv ta’minot tizimlarida suv juda arzon narxda tarqatiladi. 69 shahar, 335 ta qishloq va 2 ming 902 qishloq aholisining suvga bo‘lgan talabi yerosti suvlari zaxiralari bilan qoplanadi. Afsuski, ayrim xonadonlarda hatto o‘lchov moslamalari ham o‘rnatilmagan. Qishloq joylarda va shahar markazidan uzoq va markazlashtirilgan quvurli tizim mavjud bo‘lmagan joylarda odamlar o‘zlari qazib olgan quduqlardan foydalanadi. Bu quduqlar aksariyat hollarda litsenziyaga ega emas. Xo‘jaliklarda o‘lchovsiz va keragidan ortiq darajada suvdan foydalanish yer osti zaxiralaridagi manbaning kamayishiga olib keladi.
Xo‘jalikdagi foydalanishdan tashqari, irrigatsiya va dalalarni sug‘orish suvning aksariyat qismi isrof qilinadigan joy hisoblanadi. Jami suvga bo‘lgan talabning atigi 10 foizigina O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqariladi. Qolgan foizini ta’minlashda mamlakat qo‘shnilariga murojaat qiladi. O‘zbekiston atigi 10 foiz ekin maydonlarini sug‘orish uchun suvning umumiy miqdoridan 90 foizini ishlatadi.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda dunyo aholisining o‘sishi bilan suv va oziq-ovqatga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Ko‘pgina suv manbalaridan foydalanish darajasi barqarorlik prinsiplari chegarasidan chiqqan. Suv resurslari iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit sharoitining yomonlashishi tufayli katta xavf ostida qolgan. Dunyo resurslari instituti taxminlariga ko‘ra, 2040 yilga kelib, jahonning 33 davlati suvning o‘ta darajada tanqisligi muammosi bilan to‘qnashadi. Bu 33 mamlakat orasida Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi mavjud.
Shu boisdan mamlakatimizda suv resursini asrash, kelgusida suv tanqisligining oldini olish maqsadida bir qator choralar ko‘rilmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi Ekobog‘da tashkil etilgan “Kelajak uchun suvni asrang” deb nomlangan tadbirda shular hususida ma’lumot berildi.
Tadbirda qayd etilishicha, yurtimizda tomchilatib sug‘orish uskunalarini yetkazib berish, o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
“OMAD START” MCHJ Jahon andozalari darajasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi va jadal rivojlanayotgan korxonalardan biri hisoblanadi. Xususan, tomchilatib sug‘orish uskunalarini yetkazib berish, o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish korxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Tadbirda suv tejovchi texnologiyalaridan keng foydalanayotgan fermer xo‘jaligi rahbarlari ham ishtirok etib, erishayotgan natijalari to‘g‘risida fikr bildirdi.
– 2019 yilda yer maydonimga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatganman, – deydi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Feruzbek Abdusamad” fermer xo‘jaligi rahbari Ra’no Jonquvvatova. – Amaliyotda natijasini ko‘ryapman, juda yaxshi. Ayniqsa, bizning viloyatdancha suv muammo, texnika orqali suv yo‘q maydonlarga ham ekin ekib, hosil olyapmiz.
“OMAD START” MCHJ tomonidan 2021 yilda qariyb 20 ming gektar yer maydonlariga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Joriy yilda esa 30 ming gektardan ortiq yer maydonlariga xuddi shunday texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Bu borada fermer xo‘jaliklari va klasterlar bilan shartnomalar ham imzolangan. Tomchilatib sug‘orishda suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri madaniy o‘simliklar va ekinlarning ildiz qismiga tomizg‘ichli dispanserlar yordamida tartibga solinadigan kichik miqdorda yetkazib beriladi. Suv va boshqa resurslarni (o‘g‘itlar, mehnat xarajatlari, energiya va quvurlar) sezilarli darajada tejash imkonini beradi.
Shuningdek, bu sug‘orish usuli erta hosil olish, tuproq eroziyasining oldini olishga xizmat qilib, kasalliklar va begona o‘tlarning tarqalish ehtimolini kamaytiradi. Qolaversa, suv geosiyosiy barqarorlik uchun muhim omil bo‘lib, oqilona tartibga solinmagan vaziyatda siyosiy qurol sifatida ishlatilishi va jiddiy to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun suvdan foydalanish va taqsimlashning samarali va barqaror amaliyotlarini ishlab chiqish barcha mamlakatlarning kelajakdagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun juda muhimdir.
Tadbirda suvdan tejamli va samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kredit olish shartlari, “Suvchilar maktabi” faoliyati, suvdan samarali foydalanishda mas’uliyatni oshirish va jamoatchilik e’tiborini qaratish kabi masalalar muhokama etildi.
–Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 473,5 ming gektar maydonda tomchilatib, 44,7 ming gektarda yomg‘irlatib, 18 ming gektarda diskret, 133,9 ming gektar maydonda boshqa suv tejovchi sug‘orish tizimlari joriy qilindi, – deydi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev. – Shuningdek, 569 ming gektar ekin maydonlarida lazer uskunasi yordamida tekislash amalga oshirildi. Natijada ularning qo‘rsatkichi 1,2 million gektarga yoki umumiy maydonga nisbatan 28 foizga yetkazildi. Shu tariqa mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligi yil sayin ortib bormoqda.
Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida sug‘orish suvidan tejamkorlik bilan foydalanish borasida sezilarli natijalarga erishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar suv resurslarining qadri va qiymati yil sayin oshib borayotgani, suvdan foydalanish madaniyatini tezroq o‘zgartirmasak va suvni tejashga to‘liq o‘tmasak obihayot tanqisligiga duch kelishimiz qayd etildi.
– “Suvchilar maktabi” o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Suv xo‘jaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va “Agrobank” ATB tomonidan tashkil etildi, – deydi Suv loyihalari markazi direktor o‘rinbosari, Muzaffar Hayitboyev. – Qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z faoliyatini olib borayotgan fermer xo‘jaliklari rahbar va suvchilari hamda suv xo‘jaligi xodimlari bugungi kunda o‘z sohalarida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar, sohada rivojlangan xorijiy mamlakatlar amaliyotiga joriy etilayotgan yangi bilim va ko‘nikmalarni egallagan holda, o‘z faoliyatlarini takomillashtirib, suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishlari o‘quv kursining asosiy maqsadi hisoblanadi. Darslar 5 nafar mahalliy va 15 nafar turkiyalik mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Shu vaqtga qadar 60 mingta fermer, 4 mingta maxsus xizmat (miroblar), mingta bank xodimlari o‘qishga jalb qilindi. 84 ta tumanda 24 ming 425 ta tinglovchi o‘qitildi. Darslarda ro‘yxatdan o‘tib, tekin ishtirok etish mumkin.
Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida suvni tejash borasida bir qancha tadbirlar amalga oshirilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, paxta, sholi kabi suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlar qisqartirilib, o‘rniga boshoqli don, sabzavot, poliz ekinlari va bog‘-uzumzorlar maydoni kengaytirildi. Jumladan, 80-yillarga nisbatan paxta maydonlari qariyb 50 foizga, sholi maydonlari esa 75 foizga qisqartirildi. Garchi so‘nggi yillarda O‘zbekiston paxta yetishtirish hajmini kamaytirgan bo‘lsa-da, hali-hanuz dunyodagi yetakchi paxta eksport qiluvchi davlatlar orasida sakkizinchi o‘rinda turadi. Aytib o‘tish joiz, paxta suvni eng ko‘p iste’mol qiladigan ekin bo‘lib bir kilosiga 10-20 ming litr suv sarf qilinadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA