Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshdi. Ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 15,8 foizga, xususan, poytaxtda 22,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, kvartirani ijaraga berish bozoridagi vaziyat avvalgi muvozanat darajasiga qaytmoqda.
Joriy yilning noyabr oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori oktyabr oyidagi bir oz pasayishdan keyin xaridorlarni qayta jalb qildi. Bir oy ichida respublikada ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan oyga nisbatan 7,8 foizga oshdi.
Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazmda – 38 foiz, Navoiyda – 24 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 23 foiz qayd etildi.
Yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uy-joy savdosining o‘sishi 9 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi shartnomalar soni 8,1 foizga oshdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2022 yil 1 noyabrda boshlangan ipoteka kreditlaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha kengaytirilgan dastur ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va talabni rag‘batlantirmoqda.

Xususan, tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uy-joylar uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berildi. Uy-joylar uchun dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini subsidiya olish orqali qoplash mumkin. Bundan tashqari, 2021 yilda ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiyalarni ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati yil oxirigacha uzaytirildi.
Kuzning so‘nggi oyida poytaxtda ijara narxlarining pasayishi qayd etildi. Oktyabr oyiga nisbatan noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8 foizga kamaydi. Shu bilan birga, yil boshidan beri poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 35 foizdan oshdi va 1 kvadrat metr uchun deyarli 10 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtimizda 1 kv.m uchun eng yuqori ijara narxi Shayxontohur (13,2 doll.), Mirobod (12,3 doll.) va Yakkasaroy (12,2 doll.) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon narxlar Uchtepa (8,1 doll.), Sergeli (7,2 doll.) va Bektemir (6 doll.) tumanlarida qayd etildi.
Yana bir ma’lumot, joriy yilning noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 3,9 foizga oshdi. Yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joylarning tez o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, respublikada 1 kv.m uchun uy-joy narxi 15,8 foizga oshdi.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Toshkent – 22,9 foiz, Navoiy – 22 foiz va Toshkent shahrida — 22,7 foiz kuzatildi. Poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx bir oy ichida 2,4 foizga qimmatlashdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA