Poytaxtimizda “Uzbek Jewellery Fair – 2025” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz hamda dunyoning qator davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, sohaning yetakchi mutaxassislari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ushbu ko‘rgazma Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbir milliy zargarlik sanoatini jahon bozorida munosib o‘ringa olib chiqish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.


So‘nggi yillarda zargarlik sanoatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2024 yil 23 iyulda qabul qilingan Prezident farmoni sohada tub islohotlarni boshlab berdi. Mazkur hujjatga asosan, zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq va bojxona sohalarida keng qamrovli imtiyozlar joriy etildi. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo korxonalarni yer va mulk soliqlaridan ozod etish, imtiyozli kredit liniyalarini ochish, xomashyo – ya’ni oltin yetkazib berish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish kabi chora-tadbirlar amalga oshirildi.


Ko‘rgazmada 100 ga yaqin kompaniyalar, jumladan, mahalliy va xalqaro brendlar o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etmoqda. Italiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Armaniston kabi mamlakatlarning kompaniyalari shular jumlasidandir.
Tadbir doirasida zargarlik buyumlarining ulgurji hamda zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar savdosi amalga oshirilmoqda.
Ko‘rgazma davom etmoqda.


O‘zA