BOKS
Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi medallar jamg‘arishda ham, oltin medallar soni bo‘yicha ham umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
Bundan ikki hafta muqaddam Iordaniya poytaxti Ammanda boks bo‘yicha 2006-2007 yillarda tavallud topgan o‘smirlar va 2004-2005 yillar oralig‘idagi yoshlar o‘rtasida boshlangan Osiyo chempionatining so‘ngi final janglari kecha bo‘lib o‘tdi.
Xabar berganimizdek, kecha qit’a chempionatining kechki dasturidan o‘rin olgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final janglarida 10 nafar bokschimiz qatnashib, ularning 7 nafari oltin medallarga musharraf bo‘lishdi.
Qizlar o‘rtasidagi final bahslarida esa 9 nafar hamyurtimizning 2 nafari Osiyo chempionligiga erishdi.
Yoshlarimiz chempionatda umumiy hisobda 7 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallarini jamg‘argan bo‘lsa, yosh qizlarimiz ushbu musobaqani 2 ta oltin, 7 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunlashdi.
E’tiborli jihati, mamlakatimizning yosh bokschilari oltin medallar hisobi bo‘yicha ham, umumiy medallar soni jihatdan ham qit’ada tengsiz ekanligini yana bir karra namoyish etdi.
Iordaniyadagi murosasiz bahslarda oltin medallarga musharraf bo‘lgan vatanimizning shijoatli bokschilari Xo‘janazar Nortojiyev, Abduvali Bo‘riboyev, Baxtiyor Asadov, Fazliddin Erkinboyev, Rahmatullo Boymatov, Abdulaziz Abdurahmonov, Aynazar Kenesbayev, Sahobat Husanova va Aziza Zokirova nomlari Osiyo boks tarixiga muhrlandi.
Chempionatda 49 nafar bokschi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi yakunda 46 ta medalga musharraf bo‘ldi.
Iordaniya mezbonlik qilgan qit’a birinchiligida avvaliga o‘smirlarimiz, keyin esa yoshlarimiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganligi o‘zbek boksining shonli g‘alabalari bardavom ekanligini namoyon etdi.
Mazkur chempionatda zafar quchgan bokschilarimiz 15 martdan 16 martga o‘tar kechasi Toshkent shahriga yetib kelishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA