Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – yoshlar mamlakati
09:32 / 2022-07-07

Yoshlar ertangi kunimiz davomchisi bo‘lish bilan bir qatorda kelgusi taraqqiyotimiz tayanchi hamdir.

O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ular uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, maqsad, orzu istaklarini ro‘yobga chiqarish eng dolzarb vazifalardan biridir.

Ma’lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, barcha sohalardagi tub islohotlar, o‘zgarishlar, yangilanishlar zamirida avvalo yoshlar va ularning kelajagi masalasi turadi. 

O‘zbekiston “Milliy Tiklanish” Demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida ham yoshlar masalasi ustuvor etib belgilangan. Barcha fuqarolarga, eng avvalo, yoshlarga o‘z ustida ishlash, rivojlanish uchun sharoit va imkoniyat yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor egalarini kashf etish borasidagi faoliyat samarasida bugun partiya faol a’zolaridan iborat 11 ming 722 nafar yoshlarni o‘z safida birlashtirgan.

Ta’kidlash o‘rinli, Yangi O‘zbekiston yoshlari kuchli, shijoatli, o‘z so‘zida sobitqadam bo‘lib, mamlakatimizning kelgusi rivoji va istiqboli yo‘lida munosib hissa qo‘sha oladigan yoshlar bo‘lib tarbiya topmoqda, kamolga yetmoqda.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvdagi nutqida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, maqom xonandaligi, maqom cholg‘u ijrochiligi, baxshichilik va fortepiano yo‘nalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma to‘lovlari to‘liq davlat tomonidan to‘lab berilishini ta’kidladi. Albatta, ushbu e’tibor mazkur yo‘nalishdagi iste’dodli yoshlarimiz uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘lishi bilan birga soha rivojiga ham munosib ulush bo‘lib qo‘shiladi. 

Yana shuningdek, yurtboshimiz texnikumlarga qabul yilda 2 marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobarga oshiriladi. Ular uchun ham ta’lim krediti joriy qilinadi. Xususiy ta’lim muassasalarida dasturlash, veb-dizayn va boshqa kasblarni o‘rganish istagidagi yoshlarga ham 20 million so‘mgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etilishini ta’kidladi.

Xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida 70 nafar o‘quvchi va ularning ustozlari davlat hisobidan Buyuk Britaniyaga safarga yuborilishi masalasi ham juda o‘rinli bo‘lib, yoshlarimiz orasida xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, mukammal o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortadi. Buning natijasida albatta, dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan bo‘ylashish, hamdo‘stlik, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlanishida ahamiyatli bo‘ladi.

Prezidentimiz nutqi davomida yoshlarning bandligini ta’minlash masalasiga ham to‘xtaldi. Konstitutsiyani isloh qilish jarayonida taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortig‘ini yoshlar ilgari surganiga alohida urg‘u berdi.

Ayniqsa, yoshlarga xalq shoiri G‘afur G‘ulomning  

“Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,
Ne uchun yelkamni tutib bermayin?”

so‘zlari bilan murojaat qilgani yoshlar qatorida barchaga faxr va g‘urur ulashdi. Albatta, ertangi kunimiz egalari bu kabi e’tibor va ishonchdan to‘g‘ri foydalangan holda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang ravishda ulug‘ marralar sari dadil odimlashlari lozim bo‘ladi.

Bu odimlash esa davlatimiz rahbari ta’kidlagandek: “Niyatlaring bormi, hech qachon to‘xtamang. Intiling, qiyin bo‘ladi, og‘ir bo‘ladi. G‘ovlar bo‘ladi, to‘siqlar bo‘ladi, lekin intilgan har doim o‘zining niyatlariga yetadi”.

Bizning, mustaqil O‘zbekistonimizning kelajagi bunyodkor yoshlar biz sizlarni doimo davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘lib qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yurtning, bu vatanning ertasi siz bilan yuksaladi.

Maxsud Muxammedov,

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik 

partiyasi Buxoro viloyati Kengashi raisi, 

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

O‘zA