Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasi Rimda bo‘lib o‘tgan Butunjahon oziq-ovqat forumida ishtirok etdi
21:39 / 2022-10-26

O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasi 17-21 oktyabr kunlari Rim shahridagi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida o‘tkazilgan Butunjahon oziq-ovqat forumida ishtirok etdi.

FAO tomonidan "Sog‘lom ovqatlanish. Sog‘lom Dunyo" mavzusida tashkil etilgan tadbirda qatnashish uchun Italiya poytaxtida dunyoning turli mamlakatlaridan 2000 dan ortiq vakillar to‘plandi va bundan tashqari butun dunyodan o‘n minglab ishtirokchilar tadbirga onlayn shaklda qo‘shilishdi. Forum FAO tomonidan yil davomida o‘tkazilayotgan qator tadbirlar ichida asosiy voqelik bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha masalalarni muhokama qilish uchun yaxshi platforma bo‘ldi.

Tadbir doirasida Global yoshlar forumi, FAO fan va innovatsiyalar forumi va FAO investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Bir hafta davomida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlar, fermerlar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, siyosatchilar, olimlar va investorlar o‘rtasida global oziq-ovqat muammolari to‘g‘risida muloqotni rivojlantirishga yordam berdi.

FAO ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar, iqlim o‘zgarishi va COVID-19 pandemiyasi global oziq-ovqat inqirozining asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. FAO o‘zining “2022 yilda dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati” mavzusidagi so‘nggi hisobotida o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 828 million kishi ocharchilikka duchor bo‘lganini, bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 46 million kishiga ko‘p ekanligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, butun dunyo yoshlari o‘tkir oziq-ovqat inqirozini hal etish bo‘yicha global harakatni yaratish orqali ochib bera olishi mumkin bo‘lgan ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. FAO Bosh direktori o‘rinbosari Vladimir Raxmanin o‘zining tabrik nutqida ta’kidlaganidek, “Ko‘pincha yoshlar o‘zlarining kelajagiga ta’sir qiladigan qarorlarni qabul qilish jarayoniga minimal darajada jalb qilinadi yoki hatto bu jarayondan chiqarib tashlanadi. bugungi yetakchilar yosh avlodning fikrini hisobga olishlari kerak. Yoshlarning energiyasi bizning oziq-ovqat tizimlarimizni o‘zgartirish uchun juda muhimdir va zamonaviy yoshlar qaror qabul qilish jarayonlarining markazida bo‘lishi kerak”.

Tadbir turli mamlakatlardan ko‘p sonli yoshlarni o‘sib borayotgan global oziq-ovqat inqiroziga qarshi innovatsiyalar va texnologiyalar orqali kurashishning eng samarali usullarini muhokama qilish uchun birlashtirdi. Ular orasida O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasi a’zolari – FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimi Nargiza Xo‘jayeva, Toshkent davlat agrar universiteti doktoranti Saidjahon Hasanov va barqaror rivojlanish sohasidagi startap loyihalari rahbari Ummatoy Yo‘ldoshevalar bor.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Elchixonasi tomonidan “Yoshlar uchun muhim imkoniyatlar: raqamli vositalar va qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar” mavzusida alohida tadbir (“Uzbekistan side-event”) tashkil etildi. Bu yerda O‘zbekistonning faol yoshlariga agroiqtisodiy tizimlar bilan bog‘liq muammolarni hal etish borasidagi o‘z faoliyati haqida suhbatlashish va tajriba almashish imkoniyati berildi. Tadbir ishtirokchilariga o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi o‘zbek oshxonasining asosiy milliy taomi – an’anaviy palov tortiq etildi. Quvonarlisi, tadbir joriy yilda Rim shahridagi FAO bosh qarorgohida ochilgan Uzbekistan lounge tematik zalida bo‘lib o‘tdi.

FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasining yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimi Nargiza Xo‘jayeva Global yoshlar forumidagi o‘z nutqida ta’kidlaganidek, “2030 yilga kelib O‘zbekistonda samarali va barqaror oziq-ovqat tizimlariga erishishning asosiy vazifalari O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida o‘z aksini topgan.

Hujjat fermer xo‘jaliklari daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, oziq-ovqat xavfsizligi va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlashga yordam beradigan raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan. bugungi kunda O‘zbekiston qishloq joylarida yashovchilarning aksariyatini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Bu qishloq yoshlarining muhim rolini va, ayniqsa, porloq kelajak uchun birgalikda yaratishimiz mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni yana bir bor ta’kidlaydi”.

Global yoshlar forumidagi sessiyalar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi qishloq xo‘jaligi sohasida ta’limni erta yoshdan boshlab berish, maktab o‘quvchilariga to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish asoslarini o‘rgatish, shuningdek, qishloq joylaridagi yoshlarning qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar bilan chiqdi.

O‘zA