Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining AQSHga safari manfaatli va samarali uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Xususan, ular BMTning “ECOSOC Youth Forum” yoshlar forumida ishtirok etdi. Xalqaro maydonda dunyo yoshlarining kelajagi haqida muhim qarorlar muhokama qilinadigan ushbu nufuzli forum har yili BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (YeCOSOC) tomonidan tashkil etiladi. Forumning asosiy maqsadi yoshlarning 2030 yilgacha dunyoni yaxshilashga qaratilgan rejalar bo‘yicha o‘z fikr va g‘oyalarini xalqaro miqyosda bildirishlari hamda BMT qarorlariga ta’sir ko‘rsatishi uchun imkoniyat yaratishdir.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari safar davomida Silikon vodiysidagi nufuzli kompaniyalar va universitetlar yoshlari bilan uchrashdi. “500 Global” kompaniyasining dastur menejeri Ella Shukho bilan muloqot davomida Yevroosiyo mintaqasidagi faoliyat, O‘zbekistondagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari va venchur kompaniyalar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Natijada, “Yoshlar Ventures” va “500 Global” o‘rtasida strategik aloqalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.

“Silkroad Innovation Hub” kompaniyasi Markaziy Osiyo uchun mo‘ljallangan “Silikon vodiysi amaliyot dasturi”ni taqdim etdi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari o‘rtasida startaplar chempionati o‘tkazilib, g‘oliblar Kaliforniyada 1 oylik maxsus dasturda ishtirok etadi. Delegatsiya ushbu tashabbusni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berdi.

Shu bilan birga, safar davomida Stanford universitetida taniqli olim va “Venture Mindset” kitobi muallifi Ilya Strebulayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekistondagi startaplar rivoji va venchur fondlar ekotizimi bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi.

Delegatsiya a’zolarining safari “Plug and Play” kompaniyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv bilan yakunlandi. Kompaniya asoschisi Sayed Amini va vitse-prezident Emeri Han bilan uchrashuvda kompaniyaning global muvaffaqiyatlari, O‘zbekistondagi filial faoliyati hamda “Yoshlar Ventures” bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. E.Hanning O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan kelishuvga erishildi.


Muloqotlar nafaqat bilim almashinuvi, balki kelajakdagi yirik tashabbuslarga asos bo‘ladigan kelishuvlar bilan yakunlandi. Mazkur uchrashuvlar yoshlar tashabbuslarini global darajaga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA