Dengizga tutash har qanday mamlakat iqtisodiyoti samarali rivojlanadi. O‘zbekiston esa import – eksport masalasida hamisha arzon, qulay logistik yo‘nalish qidiradi.
-Lyanyungan xalqaro dengiz porti SHHTga a’zo barcha davlatlar uchun ochiq – dedi uning mulozimlaridan biri Lu Vey. – Bu yerda Qozog‘iston birinchi bo‘lib o‘z bo‘limini tashkil etdi.
Darxaqiqat, dengiz bo‘ylab qurilgan va 69,8 kvadrat kilometrga cho‘zilgan SHHTga qarashli yuk qabul qilish – jo‘natish portida ish kecha-kunduz to‘xtamaydi. Bu yerda barcha xizmatlar, jumladan chegara, bojxona, labaratoriyalar, va h.k. 24 soat yopilmaydi. Aytishlaricha, bir yilda 27 million tonna yuk qabul qilish va jo‘natish imkoni bor.
2022 yil 13 oktyabr kuni Lyan’yungandan Qashqargacha poyezdda, so‘ng O‘zbekistonning Qorasuvigacha avtomobilga qayta ortilgan yuk Xitoy –Qirg‘iziston- O‘zbekiston yo‘nalishidagi eng qisqa yo‘lni ochdi. O‘tgan yilning o‘zida mingta konteyner shu usulda O‘zbekiston, undan Yevropaga yo‘l oldi.
SHHT a’zo, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar jurnalistlari uchun “Suv va quruqlik”ning “Bir belbog‘, bir yo‘l” loyihasidagi eng muhim bo‘g‘in: Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li taqdimoti o‘tkazildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Qashqardan O‘zbekistonning Qorasuvigacha g‘oyat murakkab tog‘ sharoitida Ergashtom dovoni orqali temir yo‘l qurilishiga kirishildi. Endi O‘zbekiston Uzoq Sharq – Osiyo – Markaziy Osiyo - Yevropa temir yo‘lining eng muhim qismida xizmat ko‘rsatadi. “XXI asr Buyuk ipak yo‘li“ deb nom olgan bu yo‘nalish yuk tashish xarajatlarini, yo‘lga sarflanadigan vaqtni 20 foizgacha qisqartiradi.
Shunday qilib, O‘zbekiston bugungi geosiyosiy muammolar tobora murakkablashib borayotgan bir paytda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun strategik hamkorga aylanmoqda.
Muhammadjon Obidov
Pekin - Lyanyungan