Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi munosabatlarida yangi bosqich: kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi
16:05 / 2025-11-03

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHB/EPCA) 2025 yil 24 oktyabr kuni tantanali tarzda imzolandi.

2019 yil fevral oyida boshlangan va 2022 yil iyul oyida yakunlangan muzokaralar natijasi bo‘lgan ushbu hujjat 2022 yil 6 iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi. Barcha zarur tartib-taomillar bajarilishiga birmuncha vaqt talab qilganidan so‘ng imzolanishi bitimning strategik ahamiyati va ikki tomonlama munosabatlar ko‘lamining kengayayotganini tasdiqlaydi. Tuzilma jihatdan 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bo‘lgan ushbu kelishuv hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Bitimning imzolanishi, avvalo, O‘zbekistonning ko‘p tomonlama va muvozanatli tashqi siyosatini amaliy natijalar bilan tasdiqlasa, shu bilan birga, mamlakat ichida xalqchil islohotlar, qonun ustuvorligi hamda xalqaro standartlarga uyg‘un demokratik tamoyillarni izchil joriy etishga berilgan ijobiy bahodir. Inson huquqlari, ochiq boshqaruv va bozor islohotlarida kuzatilayotgan siljishlar Yevropaga yo‘naltirilgan sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.

KSHHB iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish uchun aniq “yo‘l xaritasi”ni taklif etib, savdo va investitsiyalarni kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan zamonaviy texnologiyalar va nou-xau jalb etilishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish hamda agro qayta ishlash sohasida qiymat zanjirlarini uzaytirishga zamin hozirlaydi.

Ta’lim, fan va sog‘liqni saqlashdagi hamkorlik universitetlararo qo‘shma dasturlar, stajirovkalar, ilmiy grantlar va stipendiyalar ko‘lamini kengaytiradi. Raqamli iqtisodiyot va “yashil” texnologiyalar bo‘yicha Yevropa tajribasi esa davlat xizmatlari sifati hamda fuqarolar turmush tarziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Huquq ustuvorligi, sud-huquq islohotlari, korrupsiyaga qarshi kurash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va kiberxavfsizlik bo‘yicha hamjihatlik biznes uchun ishonchli huquqiy muhit va uzoq muddatli sarmoyalar uchun mustahkam poydevor yaratadi. 

Bitim infratuzilmaviy bog‘liqlikni kuchaytirishga ham yo‘naltirilgan. Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi va Transkaspiy transport yo‘lagi doirasida logistika xablari, “yashil” energetika, suv resurslarini boshqarish va iqlimga moslashuv bo‘yicha qo‘shma dasturlar ilgari suriladi. Bu eksportni diversifikatsiya qilish, ichki bozorda raqobatni kuchaytirish hamda sifat va xavfsizlik standartlarini yangi pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

KSHHB, shuningdek, “yashil” va raqamli transformatsiya uchun zarur strategik xomashyolar sohasida hamkorlik eshiklarini ochadi. YeI – O‘zbekiston o‘rtasida 2024 yilda imzolangan anglashuv memorandumi asosida texnologiyalar zanjiridagi bog‘liqlikni kuchaytirish maqsad qilingan.

Imzolash munosabati bilan qabul qilingan qo‘shma bayonotda tomonlar EPCAni strategik sheriklikni chuqurlashtiruvchi tarixiy hujjat sifatida e’tirof etdilar. Shu tariqa, xalqaro huquq, BMT Ustavi hamda davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat tamoyillariga sodiqlik tasdiqlandi. YeI – Markaziy Osiyo sammitida belgilangan maqsadlar, shu jumladan, Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo – YeI Iqtisodiy forumi va Transkaspiy bog‘liqligi bo‘yicha investorlar forumi qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar kiberxavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va gibrid tahdidlarni bartaraf etish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish, Global Gateway doirasida raqamli va barqaror transport bog‘liqligini rivojlantirish hamda strategik xomashyolar sohasida o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Parij kelishuvini to‘liq bajarish, O‘zbekistonning Global Methane Pledge tashabbusiga qo‘shilishi, suv-energetika sohasida innovatsion hamkorlik va Orolbo‘yi mintaqasini tiklash bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar alohida qayd etildi.

Xulosa qilib aytganda, KSHHB tashqi siyosiy yutuqdan ortiq – ichki islohotlarni jadallashtiruvchi samarali dastakdir. U xalq farovonligi, biznesning raqobatdoshligi va mamlakatning xalqaro imijini oshirishga xizmat qiladi. Endi asosiy vazifa – imzolangan majburiyatlarni o‘lchanadigan amaliy natijalarga aylantirish hamda O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi sherikligini amalda yangi bosqichga olib chiqish.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi”

 markazi ijrochi direktori.

O‘zA