Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi hamkorligi agrobiznes va savdo aylanmasining o‘sishida muhim rol o‘ynaydi
15:30 / 2023-06-16

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonning sabzavot va mevalar eksporti 1,15 milliard AQSH dollarni tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizga oshgan. Ammo Yevropa Ittifoqiga umumiy eksport 31,7 million AQSH dollarni tashkil etdi, bu esa o‘sish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi o‘sib borayotgan imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus vebinarda shu haqda so‘z bordi.

Yevropa va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan  ushbu vebinarda ikki tomonlama hamkorlik O‘zbekistonning yirik va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘i hamda uning eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari tahlil etildi.

Unda keyingi yillarda sohadagi islohotlar qishloq xo‘jaligi korxonalarining bozorga kirishi va raqobatbardoshligini oshirishga,  dehqonchilik xo‘jaliklarini eksportni kuchaytirish uchun zarur  texnologiyalar va tajribalar bilan jihozlashga ko‘maklashishga qaratilgani hamda bu jarayonda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Qayd etish kerakki, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Ko‘p yillik indikativ dasturni ishga tushirdi. U uchta asosiy yo‘nalishni, ya’ni samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, inklyuziv va raqamli yashil o‘sish hamda "aqlli" va ekologik toza qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirishni qamrab oladi. Dasturda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasining “katta o‘sishi va eksport salohiyati” alohida qayd etilgan.

2021 yilda O‘zbekiston 6200 ta mahsulotni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimiga qo‘shildi. Bir necha yuzlab qishloq xo‘jaligi korxonalari Eksportni rag‘batlantirish agentligiga maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global GAP) sertifikatini olish uchun hujjatlarni topshirgan.

Vebinarda “BMB Trade Group” kompaniyasi bosh direktori Mirg‘ulom Usmonovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi korxonalari bugungi kunda meva-sabzavotlarning mos navlarini yetishtirib, to‘g‘ri qayta ishlash usullaridan foydalanmoqda.

– Biz 100 dan ortiq fermerlar bilan bevosita hamkorlik qilib, ularga Yevropa bozoriga mos meva-sabzavot yetishtirishi uchun zarur bo‘lgan materiallar va jihozlarni yetkazib bermoqdamiz. Shunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat orqali biz sifatni ta’minlaymiz, – dedi u.

Shuningdek, vebinarda o‘zbek mahsulotlari Yevropada qat’iy oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga javob bera olishini ta’minlashda sinov va sertifikatlashtirish muhimligi va hukumat ushbu standartlarga javob berish imkoniyatlarini oshirish ustida ishlayotgani xususida ma’lumot berildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA