Iqtisodiyot va moliya vazirligining xabar berishicha, yaqinda vazirlik xodimlaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Belgiyada bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Yevropa komissiyasining soliq va bojxona ittifoqi hamda iqlim harakati bo‘yicha bosh direktorliklari vakillari o‘rtasida muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Dastlab delegatsiya Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha koordinator Tomash Mixalak bilan uchrashdi.

Unda Yevropa kengashi tomonidan qabul qilingan “Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi (CBAM – Carbon Border Adjustment Mechanism)”ni soddalashtirish va kuchaytirishga qaratilgan “Omnibus I” qonunchilik paketi muhokama qilindi. Qabul qilingan yangi reglamentga ko‘ra, CBAM mexanizmi doirasidagi mahsulotlardan bir yilda umumiy hajmi 50 tonnagacha bo‘lganlari mazkur mexanizm ta’siriga tushmasligi belgilandi.
Ta’kidlash kerakki, Yevropa ittifoqining transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi (CBAM) YeIga eksport qilinadigan, ishlab chiqarish jarayonida ko‘p miqdorda issiqxona gazlari chiqariladigan mahsulotlarga uglerod solig‘ini joriy etish va YeIga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarda toza sanoat ishlab chiqarishni rag‘batlantirish vositasi hisoblanadi. Mexanizm 2026 yildan amalga kirishi rejalashtirilgan.
Tashrif davomida ikkinchi uchrashuv Yevropa komissiyasining iqlim harakatlari bo‘yicha direktorligi vakillari Tomas Bernxaym, Stayn Rasmussen va Maya-Aleksandra Dittel bilan tashkil etildi.

Tomonlar kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda uglerod bozori mexanizmlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar davomida korxonalarning issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish va ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tajribasi o‘rganildi. YeI emissiya savdo tizimi, uning qamrovi, emissiya limitlari, uglerod kvotalarini savdoga qo‘yish uchun zarur infratuzilma hamda tizimning iqlim maqsadlariga erishishdagi roli haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilgani kabi Yevropa Ittifoqining emissiya savdo tizimi (EU ETS – European Union Emissions Trading System) 2005 yildan faoliyat yuritib keladi va u dunyodagi eng yirik uglerod bozorlaridan biri hisoblanadi. Tizim doirasida energiya ishlab chiqaruvchi korxonalar, yirik sanoat tarmoqlari va aviatsiya kompaniyalariga belgilangan miqdorda emissiya kvotalari ajratiladi. Korxonalar o‘z tashlanmalarini mazkur kvotalar bilan qoplashi shart. Agar chiqarish miqdori belgilangan me’yordan kam bo‘lsa, ortiqcha kvotalarni bozor ishtirokchilariga sotish mumkin. Aks holda, ularni birja orqali sotib olish talab etiladi. 2024 yilga kelib, YeI emissiya savdo tizimi qamrab olgan chiqindilar miqdori 2005 yilga nisbatan 50 foizga qisqargan. Shu vaqtgacha ushbu tizim orqali 200 milliard yevrodan ziyod daromad olingan bo‘lib, faqat 2023 yilning o‘zida 43 milliard yevro iqlim loyihalariga yo‘naltirilgan.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar CBAM talablarini soddalashtirish bo‘yicha qonunchilikni amalga oshirish, YeI va unga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar o‘rtasida mahalliy emissiya savdo tizimini joriy etishda texnik yordam ko‘rsatish va hamkorlikni mustahkamlashga urg‘u berdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA