Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: Agro-oziq-ovqat sohasida samarali hamkorlik qilmoqda
15:14 / 2022-07-20

Mamlakatimizda oziq-ovqat himoyasi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash muhim masalalardan.

Shu sababli, soha mutaxassislari bu borada tizimli ishlarni olib bormoqda.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi yurtimizda oziq-ovqat himoyasi hamda oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashi ham bu masalada yaxshi natijalarga erishishda qo‘l keladi.

Yevropa Ittifoqi agro-oziq-ovqat sohasida eng yirik grant beruvchi xalqaro tashkilotdir. Masalan, ushbu tashkilot “Bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi” doirasida mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot institutlari ob’ektlari va laboratoriyalarini rivojlantirish uchun 5,8 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. Turli hududlardagi 10 ta institut zamonaviy jihozlar va yangi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa qishloq xo‘jaligi va innovatsiyalar tizimi salohiyatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasining Agro-oziq-ovqat sektori uchun mas’ul dastur menejeri Danuta El Guffning qayd etishicha, Toshkent viloyatida Yevropa Ittifoqi tomonidan ikkita agro-oziq-ovqat ob’ekti moliyalashtirilgan.

– Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hukumatga o‘z xarajatlarini bosqichma-bosqich yangi strategik muhim sohalarga, jumladan, fermerlar va tadbirkorlik sub’ektlari, ilmiy-tadqiqot va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini rivojlantirishga yo‘naltirishda yordam berish uchun grant mablag‘lari orqali qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlik qiladi. Bu juda jiddiy sarmoya bo‘lib, tadqiqot institutlari agrobiznesning o‘sishi va qishloqlar aholisining barqaror turmushini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – dedi Danuta El Guff.

Aytish joizki, YeIning “Bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi”dan ko‘zlangan maqsad fermerlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va hukumat o‘rtasida ko‘proq hamkorlik qilishga ko‘maklashishdir. Shuningdek, u fermerlarga energiya va suvdan tejamkorlik bilan oziq-ovqat ishlab chiqarish hamda xarajatlarni kamaytirish imkonini beruvchi yashil texnologiyalarni joriy etishni  ham o‘z ichiga oladi.

Yaqinda bir guruh jurnalistlar uchun Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bo‘ylab 5,8 million dollarlik grant mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlangan agro-oziq-ovqat tadqiqot va sinov ob’ektlariga uyushtirilgan media-turda bu haqda so‘z bordi.

Toshkent viloyatidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Faxriddin Rasulovning ma’lumot berishicha,  Yevropa Ittifoqi ushbu ilmiy-tadqiqot institutini modernizatsiya qilish uchun 2,5 million dollarga yaqin moliyaviy yordam ajratgan. Ushbu ko‘mak “Bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi” doirasida Jahon banki va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

[gallery-7966]

– Loyihaning maqsadi meva-sabzavotchilik tarmoqlarining mahsuldorligi va rentabelligini oshirish, jumladan, o‘simchilik, urug‘chilik va o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot quvvatlarini modernizatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatishdir. Institutimizda Yevropa Ittifoqining moliyaviy yordami bilan jihozlangan zamonaviy laboratoriyada tuproq, sabzavot va mevalarning biokimyoviy tahlili olib boriladi. Shuningdek, u sabzavot va poliz ekinlari duragaylarini yaratish hamda yuqori sifatli urug‘lik materiallarini olishning zamonaviy usullari va shartlari bo‘yicha hududiy laboratoriyalarning 32 nafar ishtirokchisiga qo‘shimcha treninglar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, institut xodimlariga 6 oy davomida ingliz tili o‘rgatildi. Hozirgi kunda institutimizda yangi texnologiya asosida va xalqaro ekspertlar tavsiyalarini qo‘llagan holda sabzavotlarni yetishtirishning yangi usullari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning mahalliy iqlimga mos yangi navlarini yetishtirilyapti. Bu esa importga qaramlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosidir, – dedi F.Rasulov.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ham “Bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi” doirasida moliyaviy yordam oldi. bugungi kunga qadar Yevropa Ittifoqi ushbu laboratoriya sarmoyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun agentlikka 1,4 million dollar mablag‘ ajratdi.

O‘simliklarni karantini va himoyasi agentligi laboratoriya mudiri Sevara Xo‘jayeva agentlik va ushbu loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Agentlikka har kuni import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda O‘zbekistonning o‘z mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida sinovdan o‘tkazish uchun 500 ga yaqin namunalar qabul qilinadi. Shu bilan birga, agentlik import qilinadigan mahsulotlarni O‘zbekiston aholisi tomonidan iste’mol qilinishidan oldin tegishli sifat sinovidan o‘tishini ta’minlaydi. Tashkilotimiz mahalliy ishlab chiqaruvchilarga oziq-ovqat mahsulotlarini xorijda sotish imkonini beruvchi maxsus sertifikat beradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yevropa Ittifoqi mablag‘lari laboratoriyani yetakchi ishlab chiqaruvchilarning eng so‘nggi uskunalari bilan jihozlash, mahsulotni sinovdan o‘tkazish tezligi va ishonchliligini oshirishga yordam berdi. Ya’ni, mikroskoplar, inkubatorlar, sterilizatsiya mashinalari kabi jihozlar mahsulotni sinovdan o‘tkazish sifati va tezligini oshirishga xizmat qilmoqda, – dedi u.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA