Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘ladi
11:25 / 2025-03-18

Senatning beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006 yil 12 yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Bitimning asosiy maqsadi investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishdir.

– Mazkur hujjatga ko‘ra, ushbu bank o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umume’tirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va me’yorlariga muvofiq amalga oshirishi, shuningdek, Bank nizomi ushbu Bitimga ilova qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan, – dedi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov. – Shuningdek, Bank nizomida Yevroosiyo taraqqiyot banki faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda Bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.

Bundan tashqari, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashi, tizimlashtirishi va tahlil qilishi belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratadi. 

Bank faoliyati doirasida to‘liq va samarali ishtirok etish huquqi ta’minlanadi. Shuningdek, Bankka a’zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA