Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari-iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti doirasida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi mavjud hamkorlikni yanada faollashtirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Unda tomonlar O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mintaqadagi yirik hamkori bo‘lib kelayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bankning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va “O‘zbekiston– 2030” strategiyasining o‘zaro muvofiqligini ta’kidlab, bu hamkorlikni mustahkamlash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshirishga olib kelishiga ishonch bildirdi.
Vazirlik axborot xizmatining yozishicha, mazkur hamkorlik doirasida ayollar tadbirkorligi, yoshlarga ko‘maklashish, bank sektorini rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda bir qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muloqot chog‘ida YeTTB delegatsiyasi rahbari ushbu yo‘nalishlarda investitsiya hajmlarini oshirishga tayyorligini bildirar ekan, “yashil” iqtisodiyot va korporativ sektorga bevosita investitsiyalarni o‘z ichiga olgan yangi loyihalarni ham hamkorlik kun tartibiga kiritish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish va yangi yo‘nalishlarda aloqalarni rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdi.
N.Ziyolullayeva tayyorladi, O‘zA