O‘zbekiston – YeTTB: muhim minerallar sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi
O‘zbekistonda mineral resurslardan samarali foydalanish, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish hamda sohaga investitsiyalar jalb etishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlik esa bu jarayonda strategik o‘rin tutadi.
Shu doirada, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida YeTTB delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunga doir qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistondagi yirik korxonalar bilan hamkorlikni kengaytirish, mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozorlariga chiqarish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida “Sanoat uchun muhim minerallar sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama ishonchni mustahkamlash bilan birga, sohadagi ustuvor loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA