Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston– YeOII: o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi
11:10 / 2025-12-22

Munosabat

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy maydondagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqmoqda. 

Davlatimiz rahbarining Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida so‘zlagan nutqi ham ana shu izchil siyosatning mantiqiy davomi bo‘lib, unda global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlikka oid ustuvor yondashuvlari aniq va ravshan ifoda etildi.

Bugungi kunda jahon bozorlarida kuzatilayotgan parchalanish, logistika zanjirlarining murakkablashuvi va investitsiya oqimlarining qayta taqsimlanishi barcha mamlakatlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shunday murakkab sharoitda O‘zbekiston uchun geografik, iqtisodiy va tarixiy jihatdan yaqin bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish tabiiy va strategik ahamiyatga ega.

Xususan, O‘zbekistonning YeOII bilan kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorligi so‘nggi to‘rt yil ichida sezilarli darajada o‘zgardi. O‘zaro tashqi savdo aylanmasining qariyb ikki barobarga oshgani, savdo tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani shular jumlasidan. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz iqtisodiyotida qayta ishlash sanoati va kooperatsiya aloqalari rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Qolaversa, bunday o‘sish ko‘rsatkichlari mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonunlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan islohotlar va tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish siyosati samarasi hisoblanadi. YeOII mamlakatlari bilan ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash esa milliy iqtisodiyot barqarorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Prezident nutqida O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida qabul qilingan uch yillik hamkorlik rejasi alohida o‘rin tutdi. Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, moliya va transport sohalarini qamrab olgan ushbu rejada 40 ga yaqin aniq tadbir belgilangani hamkorlikning tizimli tus olganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, bojxona chegaralari orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari bo‘yicha axborot almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralar boshlanishi muhim qadamdir. Bu orqali bojxona nazorati samaradorligi oshishi, ortiqcha kechikishlar kamayishi va O‘zbekiston transport tizimining Yevroosiyo yo‘laklariga chuqur integratsiyalashuvi ta’minlanadi.

O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi ham hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa sohalarda shakllantirilayotgan loyihalar portfeli mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. 

Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish, elektron tijorat, raqamli markirovkalash, bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish kabi yo‘nalishlar bugungi kunda iqtisodiy raqobatbardoshlikni ta’minlaydigan asosiy omillardan biridir. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlanishi, bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga oid olib borilayotgan islohotlarning e’tirofi deyish mumkin.

Umuman olganda, YeOII bilan hamkorlik savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, shuningdek, raqamli iqtisodiyot va logistika salohiyatini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu jarayonlar milliy iqtisodiyot barqarorligini oshirish, ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA