Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishda xalqaro hamkorlikni kuchaytiradi
16:37 / 2021-09-24

Jahon hamjamiyati insoniyatni yashil tiklanishga chaqirmoqda. Buning uchun aylanma iqtisodiyotga o‘tish, biologik xilma-xillikni saqlash, shahar infratuzilmasini rejalashtirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va biznesda ekotizim xizmatlaridan uzoqroq foydalanish kengaytirilayotir.

Issiqxona gazlari chiqindilarining oldini olish va o‘zgaruvchan iqlimga moslashish orqali tabiiy resurslardan barqaror foydalanish uchun moliyaviy resurslar safarbar qilinmoqda.  

O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot” ni rivojlantirish bo‘yicha ishlar 2020 yilda boshlandi. Bunga 2019 yilda “2019-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasining yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” tasdiqlangani yo‘l ochdi.  

Bu strategiya energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, resurslar samaradorligi va ekinlar hosildorligini oshirish hamda yerlar degradatsiyasini kamaytirish hisobiga mamlakatda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishni nazarda tutadi.

Toshkentda “O‘zbekiston yashil iqtisodiyotga o‘tishida hamkorlikni kengaytirish” mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.  

BMT Taraqqiyot dasturi va Jahon banki ko‘magida Yashil iqtisodiyotni targ‘ib qilish va joriy etish bo‘yicha idoralararo kengashning texnik kotibiyati vazifasini bajaruvchi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.  

Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning 2030 yilgacha va undan keyin “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish jarayonida hukumatning ustuvor yo‘nalishlarini namoyish etish, bu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarni muhokama qilish, shuningdek, keyingi qadamlarni kelishish, yashil iqtisodiyotning strategik asoslarini ishlab chiqish, shu jumladan “Yashil iqtisodiyot” strategiyasini amalga oshirish istiqbollarini tahlil etishga qaratildi.  

Aytib o‘tish kerakki, "COVID-19" pandemiyasi va global sog‘liqni saqlash inqirozi aholi salomatligi, iqlim va tabiat o‘rtasidagi aloqani mustahkamlab, yashil iqtisodiyotni yaratish  zarurligini ko‘rsatib berdi.  

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ishtirokchilarni O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishining ustuvor yo‘nalishlari va rejalari bilan tanishtirdi.  

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi rezident missiyasi o‘rinbosari Doyna Muntyanu "O‘zbekistonda yashil rivojlanish sohasidagi rivojlanish bo‘yicha sheriklar, Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbuslarini xaritalashga oid ma’ruza qildi.  

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska BMT Taraqqiyot dasturining tabiiy resurslar va atrof-muhitga bosimni kamaytirishiga e’tibor berib, hukumatning yaxshi rejalashtirilgan, barqaror va yashil iqtisodiyotni tiklash harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Tadbir so‘nggida “yashil iqtisodiyot”da barcha xalqaro sheriklarning ishini muvofiqlashtirish va birlashtirishni takomillashtirish, yagona kirish nuqtasini yaratish taklifi bildirildi.  

Ishtirokchilar keyingi o‘n yillikda yashil taraqqiyotga erishish uchun o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.  

 

N.Abduraimova, O‘zA