Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Yaqin Sharqda tinchlik yo‘lidagi yangi xalqaro tashabbus markazida
18:38 / 2026-01-20

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro maydonda tinchlik, barqarorlik va muloqot tamoyillarini ilgari surib kelayotgan faol davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizning izchil va konstruktiv tashqi siyosati mintaqaviy hamda global muammolarga nisbatan muvozanatli yondashuvi bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushgani ham ayni siyosatning yana bir yaqqol ifodasidir.

OʻzA muxbiri “Dunyoga nazar” loyihasi doirasida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Nuriddin Qalqonovning mazkur muhim voqelikning ahamiyati xususidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Tashabbusning maqsadi

– 2025 yil 29 sentyabr kuni e’lon qilingan mazkur loyiha jahonning qator yetakchi davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. G‘azo mintaqasidagi mojaroni tugatishga qaratilgan yaxlit reja tashabbusning huquqiy va siyosiy asosidir. 2025 yil 17 noyabrda Birlashgan Milatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangani ushbu hujjatning xalqaro darajada legitimligini tasdiqlab, dolzarbligini yanada oshiradi.

Tashabbus doirasida Yaqin Sharqda uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor davlatlarni birlashtiruvchi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashini tuzish ko‘zda tutilgan. Bu kengash mojaroni harbiy yo‘l bilan emas, balki siyosiy muloqot, diplomatik kelishuv va o‘zaro ishonch asosida hal etishga qaratilgan samarali platforma sifatida shakllantirilmoqda.

Nega O‘zbekiston Prezidenti taklif etildi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusga taklif etilishi tasodifiy emas. Oxirgi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosatida betaraflik, o‘zaro hurmat, davlatlarning suvereniteti va ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy amal qilinmoqda. Yurtimiz xalqaro nizolarga nisbatan xolis, muvozanatli pozitsiyani egallab, ziddiyatlarni doim tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini amalda namoyon etdi.

Mamlakatimizning Afg‘oniston, shuningdek Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalarda tinchlik, barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda. Ushbu sa’y-harakatlarrespublikamiz xalqaro miqyosda ishonchli hamkor, konstruktiv muloqot tarafdori bo‘lgan tinchlikparvar davlat sifatida mustahkam obro‘-e’tibor qozonishiga zamin yaratdi.

Tinchlik kengashining vazifalari

Tinchlik kengashi quyidagi ustuvor vazifalarni bajarishi ko‘zda tutilmoqda:

  • Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga ko‘maklashish;
  • Siyosiy muzokaralar uchun xalqaro platforma yaratish;
  • Gumanitar inqirozlarni bartaraf etishda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar amalga oshirish;
  • Mintaqada ishonchni mustahkamlash va nizolar qayta avj olishining oldini olish;
  • Xalqaro huquq va BMT rezolyutsiyalariga tayangan holda tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash.

Ushbu vazifalar Tinchlik kengashini shunchaki maslahat organi emas, balki aniq amaliy natijalarga qaratilgan ta’sirchan xalqaro tuzilma sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston ishtirokining ahamiyati

O‘zbekistonning Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida taklif etilishi mamlakatimizning xalqaro nufuzi va siyosiy salmog‘ini yanada oshiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchisi Donald Trampga yo‘llagan javob maktubida O‘zbekiston ushbu kengashga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi. Mazkur tashabbusni Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, yirik mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. Bu qaror O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ochiqlik, tinchlikparvarlik va global mas’uliyat tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Umuman, Tinchlik kengashini tuzish tashabbusi va O‘zbekiston jarayonda ta’sischi davlat sifatida ishtirok etishi respublikamizning xalqaro munosabatlardagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu nafaqat Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam, balki Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida ishonchli, mas’uliyatli va tinchlikparvar hamkor sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

O‘tkir Alimov yozib oldi.

O‘zA