Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyada “Hitachi Vantara” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonni “Hitachi Vantara” kompaniyasi uchun yangi autsorsing yo‘nalishi sifatida taqdim etish, shuningdek mamlakatda IT sohasini rivojlantirishga qaratilgan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan tashabbuslar atroflicha muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida asosiy e’tibor O‘zbekistonda mavjud soliq va bojxona imtiyozlari, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlariga qaratildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston hududida kompaniyaning mintaqaviy ofisini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, MDH va qo‘shni bozorlarga chiqish imkoniyatlari, shuningdek, raqobatbardosh mehnat bozori kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, “Hitachi Vantara” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda IT -autsorsing xizmatlarini rivojlantirish, ma’lumotlar infratuzilmasi va data-markazlarni barpo etish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, davlat va xususiy sektor bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi yo‘lishlarda hamkorlikka qiziqish bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Hitachi Vantara” kompaniyasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni autsorsing va ma’lumotlar infratuzilmasi sohasida mintaqaviy platforma sifatida ilgari surish, autsorsing biznesini yo‘lga qo‘yish hamda data-markazlar tashkil etish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlarni belgilash yuzasidan o‘zaro kelishib oldilar.
Nigora Rahmonova,
O‘zA