Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi bosh direktori Farhod Jumayev, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sardor Donayev hamda Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi direktori Saidmurod Niyozbekov “Tadqiqot institutlarini boshqarishda innovatsion yondashuv” loyihasi doirasida Yaponiya davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya a’zolari Yaponiyaning JICA (Japan International Cooperation Agency) agentligi bosh ofisiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Shuningdek, JICA agentligining bosh direktori o‘rinbosari Ueda Daisuke bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi hamda JICA tomonidan bajarilayotgan loyihaning I-fazasida amalga oshirilgan hamkorlik aloqalari natijalari hamda erishilgan yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot berildi va loyihaning II-fazasini davom ettirish ta’kidlab o‘tildi.


Shu bilan birga, JICA agentligi bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, ta’lim jarayoniga o‘qituvchi ko‘ngillilarni jalb etish, jumladan, qisqa muddatli o‘quv dasturlari va kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv ta’lim yo‘nalishida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda alohida turtki beradigan yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: JICA – rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy, ijtimoiy o‘sish bo‘yicha ko‘maklashadigan va xalqaro hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan hukumat agentligi hisoblanadi.


Shuningdek, xizmat safari davomida Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Tokio universiteti faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Unda universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini oshirish maqsadida fan va texnologiyalar sohasida olib boradigan faoliyati, shuningdek, yetakchi ilmiy loyihalari, talabalar uchun e’lon qilib boriladigan turli xil dasturlar, universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, undagi laboratoriyalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tomonlar universitetlararo ilmiy loyihalarni hamkorlikda tayyorlash, magistr va doktorantlarning ilmiy stajirovkasini yo‘lga qo‘yish, universitet qoshidagi korxonalarda amaliyot o‘tash kabi masalalarda hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Tokio universiteti shtab-kvartirasi Tokioning Itabasi profekturasida joylashgan universitet bo‘lib, bugungi kunda u uchta yo‘nalish bo‘yicha 10 ta fakultetga ega.
O‘zA