Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Yaponiya: ta’lim tizimida hamkorlik
13:34 / 2022-10-15

Respublika ta’lim markazi hamda Yaponiyaning “Gakusho” AJ kompaniyasi tomonidan imzolangan kelishuvga asosan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-sinf o‘quvchilari uchun Yaponiya metodikasi asosida darsdan tashqari mashg‘ulotlar uchun dastur va raqamli platforma ishlab chiqildi. Mazkur dastur va raqamli platformani tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun respublikamizdagi 2 ta ta’lim muassasasi – Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tanlandi.

Yaponiyaning “Gakusho” AJ kompaniyasi mutaxassislari Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-umumta’lim maktabida bo‘lib, tajriba-sinov jarayonlariga jalb etilgan o‘quvchilarning ota-onalari va o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi. Loyihaning ahamiyati va uni amalga oshirish bosqichlari o‘rganildi.  

Mazkur loyiha JICA (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) buyurtmasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda Yaponiyaning “Gakusho” nashriyoti tomonidan amalga oshiriladi hamda matematika fanidan 7-sinf o‘quvchilari orasida o‘zlashtirishi qiyin  bo‘lgan mavzularni samarali o‘qitish uchun darsdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlari tarzida olib boriladi.

Tajriba-sinovni amalga oshirish uchun tanlab olingan maktabning 30 nafar 7-sinf o‘quvchilari darsdan tashqari mashg‘ulotlarda mustaqil ravishda Yaponiya ta’lim metodikasi asosida tuzilgan elektron raqamli test mashg‘ulotlarini bajarishadi. Uch oylik tajriba-sinov jarayoni uchun o‘quvchilar diagnostik test olish orqali tanlanadi. Test natijasi salbiy natijani ko‘rsatgan, ya’ni matematika fanini o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilar saralab olinadi. Saralab olingan o‘quvchilar 3 oy davomida matematika fanidan topshiriqlarni oson yechish usullarini o‘rganishadi va tajriba-sinovda qatnashishadi. Tajriba-sinov loyihasi o‘z samarasini bersa, kelgusida umumta’lim maktablarida amaliyotga joriy etiladi.

Z.Komilov, O‘zA