O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tokio shahrida Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vitse-prezidenti, “O‘zbekiston – Yaponiya” parlamentlararo Do‘stlik ligasi rahbari Taro Aso bilan uchrashdi.
Davlat va siyosat arbobi Taro Aso 2008-2009 yillarda Bosh vazir, bir vaqtning o‘zida Liberal-demokratik partiya prezidenti, 2012-2021 yillar davomida Bosh vazir o‘rinbosari - Moliya vaziri lavozimlarida ishlagan. U 1979 yildan beri to‘qqiz bor parlamentga saylangan.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabat kun tartibi, aloqalarni kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.
Siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy va texnik sohalarda hamkorlikni rivojlantirishda barqaror tendensiya kuzatilayotgani qayd etildi. Ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish borasida birgalikda ish olib borishga qiziqish bildirildi.
Energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi.
Yaponiya yirik kompaniyalari va moliya tashkilotlarining O‘zbekistonda faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalar amalga oshirishga jalb qilish bo‘yicha kelgusi hamkorlik mexanizmi ishlab chiqildi.
Shuningdek, parlamentlararo aloqani mustahkamlash va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi idoralari o‘rtasidagi aloqani faollashtirish choralari belgilandi. Shu nuqtai nazardan, 2004 yil Taro Aso rahbarligida tashkil etilgan Yaponiya – O‘zbekiston parlamentlararo Do‘stlik ligasining o‘rni qayd etildi. Tomonlar joriy yil ikkinchi yarmida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yaponiya – O‘zbekiston parlamentlararo forumining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini ko‘rib chiqib, muhokama uchun muhim ahamiyatga ega masalalarni ajratib oldilar.
Yaponiya parlamenti va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalasini har tomonlama muhokama qilish uchun mamlakatimizga tashrifini tashkil qilish istiqboli o‘rganildi.
Muloqot yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan barcha sohalarda aloqani rivojlantirishga, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori darajasini saqlab qolishga sodiqlik bildirildi.
O‘zA