Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Yaponiya Oliy audit organlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi sahifasi ochildi
10:06 / 2024-07-10

Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning Tokio shahrida xizmat safarida bo‘ldi.

Tashrif, avvalo, Yaponiya Auditi Kengashidan boshlandi (Yaponiya Oliy audit organi). Unda Kengash komissari Xarada Yuxey bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuv Yaponiyaning moliyaviy nazorat sohasidagi boy tarixiy tajribasini hamda xalqaro audit standartlarini qo‘llashdagi amaliyotini chuqur o‘rganish imkonini berdi.

Yaponiya Audit Kengashi bilan O‘zbekiston Hisob palatasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, Osiyo Oliy nazorat organlarining tashkiloti (AZOSAI) tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etishga kelishildi.  

O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi Yaponiya Parlamenti (Diyet)ning Yuqori palatasi (Maslahatchilar palatasi) vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda Yaponiya Parlamenti va Audit Kengashi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Qayd etilganidek, Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Davlat byudjeti shakllanishi va sarflanishi bo‘yicha yakuniy hisobotlarini tayyorlaydi va Audit Kengashiga yuboradi. Audit Kengashi ushbu hisobotlarni auditdan o‘tkazadi va audit hisoboti bilan birga Vazirlar Mahkamasiga qaytaradi.  

Vazirlar Mahkamasi esa audit hisobotini Parlamentga yuboradi. O‘z navbatida, Parlamentning ikki palatasi Davlatning yakuniy hisobotlarini muhokamadan o‘tkazadi.

Ushbu uchrashuvda Parlament va Oliy audit organlari o‘rtasida konstruktiv munosabatlarni o‘rnatish, davlat moliyaviy nazorati sohasida shaffoflikni ta’minlash borasida foydali ma’lumotlar olindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) bosh qarorgohida bo‘lib, muassasaning Yevropa, Osiyo, Kavkaz mamlakatlari byurosi Bosh direktori Xirosava Masayuki bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston JICA bilan 1993 yildan buyon hamkorlik qiladi. Ushbu hamkorlik hozirda ikkita formatda amalga oshiriladi: birinchisi – imtiyozli kreditlar ajratilishi, ikkinchisi - texnik yordam ko‘rsatish. Hamkorlikning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat.

Xirosava Masayuki tomonidan O‘zbekiston Hisob palatasini respublikaning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda ishonchli hamkorga aylanganligi qayd etildi.  

Uchrashuv jarayonida JICA loyihalari doirasida Yaponiya Audit Kengashining O‘quv markazida O‘zbekiston Hisob palatasi xodimlarini malakasini oshirishga kelishildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi  Yaponiya sertifikatlangan auditorlar instituti (JICPA)ga tashrif buyurdi.  

Uchrashuvda JICPA tomonidan O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashishga tayyorligi bildirildi va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.

O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi, shuningdek, Yaponiya Audit Kengashining Annaka o‘quv markazi (Annaka Training Center)da bo‘lib, uning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Delegatsiyamiz a’zolari ushbu Markazda moliyaviy savodxonlik, qonunchilik normalari, fundamental-amaliy mashg‘ulotlar, standartlashtirish kabi yo‘nalishlardagi malaka oshirish jarayonlari bilan tanishdi.  

Umuman, olganda, Yaponiyaga safar mazmunli va uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Yaponiya Parlamenti va Auditi Kengashi bilan ikki tomonlama va xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi.  

Parlament va Oliy audit organi o‘rtasida uzviy hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha yangi amaliy yondashuvlar o‘rganildi. JICA bilan grant asosida O‘zbekiston Hisob palatasi xodimlarining Yaponiyadagi stajirovakalari muhokama qilindi.

Ikki tomon istiqbolda yangi formatlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ta’kidladilar.

O‘zA