Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Yaponiya: madaniyat va ishonch uyg‘unligi
11:52 / 2025-12-19

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasi davlatlar o‘rtasidagi eng barqaror va uzoq muddatli hamkorlik mexanizmlaridan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, “yumshoq kuch” siyosati doirasida inson kapitaliga qaratilgan tashabbuslar strategik ahamiyat kasb etadi.

O‘zA muxbiri “Xalqaro sharh” loyihasi doirasida O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarida so‘nggi yillarda kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarni tahlil qilish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tadqiqotchisi Salima G‘ulomova bilan qisqa suhbat uyushtirdi. 

– Aytingchi, mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikning yangi formatlari qanday shakllanmoqda?

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Avvallari bu aloqalar asosan stipendiyalar va almashinuv dasturlari bilan cheklangan bo‘lsa, bugun u inson kapitaliga qaratilgan tizimli hamkorlik modeliga aylanmoqda.

1993 yildan buyon Yaponiya hukumatining JICA va MEXT dasturlari orqali mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar, muhandislar va davlat xizmatchilari kunchiqar yurtda ta’lim oldi va malaka oshirdi. Ayniqsa, oxirgi 7–8 yilda bu ko‘rsatkich keskin o‘sdi, bu esa hamkorlikning ancha faollashganini anglatadi.

Yaponiya endi kadrlarni faqat o‘z mamlakatida tayyorlashga emas, balki ta’lim standartlari va metodikalarini O‘zbekistonning o‘zida joriy etishga urg‘u bermoqda. Muhandislik, energetika, transport va IT sohalarida yapon modellari asosida o‘quv dasturlari ishlab chiqilmoqda. 

Qayd etish kerakki, bugungi kunda O‘zbekistonda 50 dan ortiq yapon kompaniyalari va qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ular kadrlar tayyorlash jarayoniga bevosita jalb etilmoqda. Yosh mutaxassislar korxonalarda amaliyot o‘tash, real ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etish orqali bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu Yaponiyaga xos “ish joyida o‘qitish” tizimining mahalliy sharoitga moslashgan ko‘rinishidir.

JICA doirasida har yili o‘nlab davlat xizmatchilari, energetiklar va infratuzilma mutaxassislari Yaponiya tajribasi asosida malaka oshirmoqda. Bu kurslar akademik emas, balki aniq sohaviy muammolarni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Yaponiyada tahsil olgan yoki stajirovka o‘tagan o‘zbekistonlik mutaxassislarning ko‘pchiligi keyinchalik davlat boshqaruvi, sanoat va ta’lim sohalarida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu esa hamkorlikning bir martalik emas, balki uzoq muddatli ta’sirga ega jarayon ekanini ko‘rsatadi.

– Yaponiyaning “yumshoq kuchi” yurtimizda qay tarzda namoyon bo‘lyapti?

– Yaponiya O‘zbekistonda o‘z nufuzini madaniyat, ta’lim va inson kapitali orqali mustahkamlab kelmoqda, deyish mumkin. Bu xalqaro munosabatlarda “yumshoq kuch” deb ataladigan siyosatning amaldagi ko‘rinishidir. So‘nggi yillarda ushbu yondashuv nafaqat O‘zbekistonda Yaponiya obrazini mustahkamladi, balki Yaponiya jamiyatida ham O‘zbekistonga qiziqishni kuchaytirdi.

Masalan, Yaponiyada o‘tkaziladigan O‘zbekiston madaniyati haftaliklari bu siyosatning yaqqol misolidir. Tokio, Osaka va Nagoya kabi yirik shaharlarda tashkil etilgan tadbirlar yapon jamoatchiligiga diyorimizni boy tarix, rang-barang madaniyat va zamonaviy rivojlanayotgan davlat sifatida tanitishga xizmat qilmoqda.

Madaniyat haftaligi doirasida milliy raqs va musiqa konsertlari, o‘zbek milliy kiyimlari namoyishi, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy taomlar taqdimoti, turizm va tarixiy merosga bag‘ishlangan foto va video ekspozitsiyalar o‘tkazildi.

Bu yig‘inlarda minglab yapon tomoshabinlari, madaniyat va san’at vakillari, sayyohlik kompaniyalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Yapon matbuotida O‘zbekiston madaniyatiga bag‘ishlangan materiallar soni ortib, o‘lkamizga nisbatan ijobiy munosabat shakllandi.

Ta’kidlash kerakki, yurtimizda yapon tilini o‘rganayotganlar soni bugun 20 mingdan ortiq. “Japan Foundation”, Yaponiya elchixonasi va mahalliy ta’lim muassasalari ko‘magida til kurslari, madaniy tadbirlar va JLPT imtihonlari muntazam o‘tkazilmoqda.

– Qisqa, lekin mazmunli suhbat uchun tashakkur! 

– Rahmat.

Musulmon Ziyo suhbatlashdi,

O‘zA