Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Yaponiya ko‘p qirrali hamkorligi istiqboli
09:20 / 2020-12-16

O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Tokio shahrida Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqboliga bag‘ishlandi. O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy strategik sheriklaridan biri bo‘lgan Yaponiya bilan yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro tushunish yo‘lga qo‘yilgani, xalqaro maydonda, xalqaro tashkilotlar doirasida ish olib borish bo‘yicha o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmi ishlab chiqilgani ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tomoni Yaponiyaning O‘zbekistondagi koronavirus oqibatlariga qarshi kurashishda qo‘shgan ulkan hissasini qayd etdi hamda pandemiyaga qarshi kurashish choralarni amalga oshirishda gumanitar va moliyaviy yordam uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatning yaxshilanishini hisobga olgan holda, yaqin kelajakda o‘zbek fuqarolarining Yaponiyaga kirishiga joriy etilgan taqiqni bekor qilish, shuningdek, Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga safar qilish bo‘yicha ogohlantirish darajasini pasaytirish masalasi muhokama qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida o‘zaro hamkorlik muhimligi qayd etildi. Joriy yil 11 avgust kuni Yaponiya raisligida bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari navbatdan tashqari yig‘ilishi natijadorligi ta’kidlandi, 2021 yil Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilish kun tartibi doirasidagi masala muhokama qilindi.

Muzokara davomida 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan investitsiyaviy va savdo kelishuvlarni amalga oshirishning hozirgi holati ham ko‘rib chiqildi. Bu umumiy miqdori 6,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan bir qator muhim ikki tomonlama hujjatlar, yirik kelishuvlardir.

Hamkorlikning yana bir ijobiy tendensiyasi sifatida O‘zbekistonda energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar alohida ta’kidlab o‘tildi. Xususan, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Navoiy issiqlik elektr stansiyasida ikkinchi energoblok qurilishi, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasining ishga tushirilishi ta’minlandi. Tomonlar ikkala mamlakat ham Navoiy issiqlik elektr stansiyasida (Navoiy-3 va Navoiy-4) uchinchi va to‘rtinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish maqsadida tegishli vazirliklar, moliya institutlari faoliyatini birgalikda muvofiqlashtirishga tayyor ekanligini bildirdilar.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha 2022 yil O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati yili” va “O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati yili”ni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Muzokara davomida tomonlar, shuningdek, yo‘nalishlarning keng ko‘lami bo‘yicha hamkorlik qilish bilan bog‘liq bir qator amaliy masalalarni muhokama qildilar.