Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Yaponiya biznes forumida 14 muhim hujjat imzolandi
20:44 / 2024-01-10

Poytaxtimizda O‘zbekiston-Yaponiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozukining tashrifi doirasida tashkil etildi. 

Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning IT, energetika, raqamli transformatsiya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, tibbiyot va farmatsevtika va boshqa yo‘nalishlar sohalarida faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki so‘zga chiqdi.

Unda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishining ijobiy dinamikasining asosiy omillaridan biri bo‘lgan ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuksak ishonch darajasi alohida ta’kidlandi. 

O‘zbekistonning iqtisodiyot va savdo, sanoat va investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi asosiy yutuqlarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan samarali qonunchilik normalari joriy etilgan. Muhandislik kommunikatsiyalari, infratuzilma, energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi yaxshilangan. Iqtisodiyotdagi davlat ishtiroki qisqartirilib, keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlab yuborildi. 

Shu bilan birga, investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar yaratilganligi, MDH mamlakatlari, va GSP+ hisobiga Yevropa Ittifoqi bozorlariga bojsiz eksport qilish imkoniyati mavjudligi, mintaqalararo transport yo‘laklari diversifikatsiya qilinayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.

Yaponiya kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston hukumatining O‘zbekiston-Yaponiya biznes hamkorligi ko‘lamini kengaytirishni jadallashtirish niyatida ekanligini bildirdi. 

[gallery-15407]

- Kompaniyamiz tomonidan 2015 yildan boshlab eng rivojlangan xalqaro IT kompaniyalari Yaponiya jalb qilib kelinadi, - deydi Yaponiya IT kompaniyalarining xalqaro loyihalashtirish bo‘limi boshlig‘i Ivamoto Kengo. - O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziriligi bilan hamkorlik o‘rnatdik. Faoliyatimizni O‘zbekistonda ham davom etirmoqchimiz. Bugungi forum doirasida ham Raqamli texnologiya vazirligi bilan mazkur sohaga oid anglashuv memorandumi imzolandi.  Kelajakda yurtingizda kompaniyamizni tashkil etib, o‘zbekistonlik IT mutaxassislarini jalb etamiz. Birgalikda ko‘plab katta loyihalarni amalga oshirmoqchimiz. Qolaversa, o‘zbekistonlik IT mutaxassislari Yaponiyada malaka oshirishi ta’minlaymiz. Bugungi taqdimotimizda ham yurtingizdagi ko‘plab IT kompaniyalari faoliyatimizga qiziqish bildirdi 

Tadbirda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida IT sohasi, muqobil energetika, ta’lim, tibbiyot, turizmni rivojlantirish, raqamlashtirishni kengaytirish sohalari belgilab olindi.

Forum doirasida “Energetika transformatsiyasi istiqbollari” va “Sanoatni rivojlantirishda raqamli transformatsiya,  Yaponiya startaplari O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish vositasi sifatida” mavzularida panel munozaralari ham bo‘lib o‘tdi.

Sessiyalar davomida ekspertlar, vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yapon innovatsiyalari va texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. So‘zga chiqqanlar fikricha bu sezilarli iqtisodiy samara berishi mumkin.

Biznes-forum davomida “G2B” va “B2B” uchrashuvlari ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Forum yakunida ta’lim, IT texnologiyalari, muqobil energetika va tibbiyot, geodeziya va kartografiyada kosmik texnologiyalardan foydalanish sohalarida 14 ta hujjat imzolandi. Alohida “Yo‘l xaritasi” shakllantirildi, unga ko‘ra har bir loyihani amalga oshirishga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

Go‘zal Sattorova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA