O‘zbekiston Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875 yil 20 may, 1907 yil 17 oktyabrdagi, 1913 yil 11 oktyabrdagi va 1921 yil 6 oktyabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalari bilan) qo‘shilishi kutilmoqda.
Xalqaro metrik Konvensiya 1875 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik konferensiya doirasida 17 ta mamlakat vakillari tomonidan imzolangan. Hozirgi kunga kelib Konvensiyada 64 ta davlat, jumladan, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya, Yaponiya qo‘shilgan hamda 37 ta davlat, xususan, O‘zbekiston uyushgan a’zo sifatida ishtirok etmoqda.

Ushbu konvensiyaga qo‘shilish natijasida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy salohiyati yanada oshadi, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi ishlar jadallashadi. Ya’ni, xalqaro savdo masalalari, jumladan, eksport-import sohasining ajralmas qismi bo‘lmish metrologiya sohasida xalqaro hamkorlik sezilarli darajada kengayadi, mavjud texnik to‘siqlar kamayadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875 yil 20 may, 1907 yil 17 oktyabrdagi, 1913 yil 11 oktyabrdagi va 1921 yil 6 oktyabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalari bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Xalq vakillari Xalqaro metrik Konvensiyaga qo‘shilishning ahamiyati, muhim jihatlari va imkoniyatlari haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Qayd etilganidek, mazkur Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatimizda o‘tkazilgan o‘lchashlar natijalarining xalqaro darajada tan olinishiga erishish hamda savdo va eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA