Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«O‘zbekiston XX asrda» kitobi – tarix fanida yana bir dadil qadam
19:41 / 2024-09-06

XX asr insoniyat o‘tmishida o‘ta muhim voqealarga boy o‘tdi, uning tarixga aylanganiga ham yigirma to‘rt yil to‘lmoqda. Yer yuzidagi keskin siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va harbiy o‘zgarishlarning qaynoq nuqtasi ham aynan o‘sha asrda yuz berdi.

Mazkur davrda xalqimiz ham bir-biridan tubdan farq qiladigan turli ijtimoiy tuzumlar sharoitida yashadi va o‘z irodasini namoyon etdi. Demakki, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixidagi eng muhim bosqich XX asr sharoitiga to‘g‘ri keldi. 

6 sentyabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabovning XX asr tarixiy bosqichining ilmiy tahliliga bag‘ishlab chop etilgan «O‘zbekiston XX asrda» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirokchilar tarixchi olimlar tomonidan yaratilayotgan asarlarning bugungi kun va kelajak avlodlar uchun naqadar ahamiyatli ekani, bunday kitoblar yoshlar ongida Vatan tuyg‘usini yuksaltirishi haqida fikrlar bildirildi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, ikki jilddan iborat bo‘lgan kitobning birinchisi – 1900-1939, ikkinchisi esa 1939-2000 yillarni o‘z ichiga oladi. 

[gallery-19142]

– Avvalo millatini sevgan insongina tarixiy asarlar yozishga urinadi va o‘tmishning ijobiy hamda salbiy jihatlarini xolisona tahlil qila oladi. «O‘zbekiston XX asrda» kitobini o‘qib chiqib amin bo‘ldimki, quvonarlisi, turli davr bosqichlari bilan birga Mustaqillikning ilk yillariga real baho berilgan, – deydi taqdimotda Fanlar Akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo. 

– Qahramon Rajabovning «O‘zbekiston XX asrda» kitobining ahamiyati shundaki, uni bemalol asr kitobi deb atashimiz mumkin. Chunki muallif haqiqiy ma’noda o‘zbek xalqi tarixini tizimli ravishda yoritib bergan. Bu tarix fanida o‘ziga xos dadil qadamdir, – deydi Tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Ishoqov.

«Bunday ko‘lamdagi ulkan tadqiqot odatda bir butun ilmiy jamoaning uzoq yillardagi urinishlarining mahsuli o‘laroq yuzaga kelishini ko‘zda tutsak, Qahramon Rajabov qo‘l urgan ishning ahamiyati oydinlashadi-qoladi», deya yozadi kitobning kirish so‘zida mas’ul muharrir akademik Azamat Ziyo. 

Kitobda Rossiya imperiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosati mohiyati, Buxoro amirligi va Xiva xonligida ijtimoiy-siyosiy hayotning o‘ziga xos xususiyatlari, Turkistonda taraqqiyparvarlik siyosatining vujudga kelishi va Sovet hukumatining yuritgan turli nayranglardan iborat siyosati tahlil etilgan. Shu bilan birga milliy mustaqilligimiz tiklangan 1991 yil va undan keyingi davr tarixining muhim bosqichlari yoritilgan.

Abdulaziz RUSTAMOV, Asliddin ALIJONOV (foto), O‘zA