Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston xotin-qizlariga qanday sharoit va imkoniyatlar yaratilgan?
12:38 / 2024-03-25

Tahlil

Ayol. Ko‘pincha nozik xilqat deya ta’riflanadigan bu zotlar aslida kichik jussasida oilaning, farzandlarining, butun jamiyat va millatning og‘ir va zalvorli yukini katta matonat va shijoat bilan ko‘tarib yuradi. Ayol ojiza emas, balki millat ertasi bo‘lgan yosh avlodning ko‘z o‘ngida qudratli, hamisha dadil, hamma ishga qodir, farzandlarni yuksak cho‘qqilar sari yetaklaydigan, ularga cheksiz ruh va madad beradigan ulug‘ zotdir. Ayol zaifa emas, balki kuchli deya qaraladigan erkaklarga ham dalda bo‘la oldigan, ular bilan bir qatorda yelkama-yelka turib, oila, farzand mas’uliyati, jamiyat tashvishi hamda el-u yurt yumushini baravar bajarish shiddatiga ega kuchli insondir.  

Ayollar bugun va ertaning farovon bo‘lishiga daxldor shaxslardir. Shuning uchun ham ayollari e’zozlangan yurt qudratli va farovon bo‘ladi, ayolining qadri baland tutilgan elning er-yigitlari ham hurmat-e’zozda yuradi.  

BOSHQARUVDA XOTIN-QIZLAR ULUSHI 30 FOIZGA OSHIRILADI  

Bugun O‘zbekiston xotin-qizlari ham yuksak e’zoz va e’tiborda, e’tirofda bo‘lib kelmoqda. Ular nafaqat oilada, balki davlat va jamiyat qurilishida, og‘ir-yengil har bir tarmoqda o‘z o‘rni, o‘z so‘ziga ega. Hunarmandchilikdan tortib ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, biznes hamda qishloq xo‘jaligi, sanoat va qurilish-bunyodkorlik ishlarida ham xotin-qizlarning ishtiroki, faolligi kengaymoqda. Birgina qishloq xo‘jaligidagi ishchi kuchining 40 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi, mavjud 85 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarining 6,5 foiziga ayollar rahbarlik qilmoqda.  

Umuman, har bir sohada rahbar ayollar safini kengaytirish, konstitutsiyamiz bilan mustahkamlangan gender tenglikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada «O‘zbekiston — 2030» Strategiyasida ham gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga ko‘paytirish maqsadi o‘z ifodasini topgani so‘zimizga isbot bo‘ladi. Bu boradagi ishlar esa xotin-qizlarni yanada faollikka chorlaydi.    

HAR BIR QO‘LLOV XOTIN-QIZLARGA RAG‘BAT BERADI  

Yurtimiz xotin-qizlarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina o‘tgan 2023-yilda Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar doirasida xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilgan.  

“Ayollar daftari” doirasida 30 yoshdan oshgan 1 milion 779 nafar xotin-qiz ro‘yxatga kiritilib, 993 ming 368 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qish imkoniyatlari yaratilib, ko‘lami 2 baravar oshirilgan. Respublika bo‘yicha og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 mingga yaqin ishsiz xotin-qizning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ularni o‘qitish va bandligini ta’minlash choralari ko‘rilgan. Turar joyga muhtoj jami 4 ming 138 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlangan. 3 ming 488 nafar ehtiyojmand xotin-qiz maxsus jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan.  

 Ayoli o‘qimishli, ziyoli bo‘lgan millatning ertasi ham buyuk, farzandlari salohiyatli bo‘ladi. Shu bois ham mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishlari uchun keng shart-sharoitlarni yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etishga dolzarb masala sifatida qaralmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda 2022-yil 15-iyundagi «Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori muhim ahamiyatga ega.  

Mazkur hujjatlarga muvofiq davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirilishi belgilandi.  

Umuman, bugungi kunda xotin-qizlarimizning oliy ta’lim egallashi uchun qator yengilliklar, imtiyozlar taqdim etilgan. Buning natijasida statistik raqamlarga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yili boshida oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishiga 134 ming 217 nafar xotin-qizlar qabul qilingan. 2022/2023 o‘quv yilida bakalavriat yo‘nalishini bitirgan xotin-qiz talabalar esa 40 ming 215 nafarni tashkil etgan. Demak, yurtimizning serg‘ayrat xotin-qizlari davlatimiz tomonidan berilayotgan har bir imtiyoz va imkoniyatdan samarali foydalanishga, o‘z ustida ishlashga sidqidildan kirishgan.  

DAVLAT DASTURI: 90 MING  XOTIN-QIZ TADBIRKORLIKKA O‘QITILADI  

Mamlakatimiz xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar «O‘zbekiston — 2030» Strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida yanada keng ko‘lamda davom ettiriladi. Dasturga ko‘ra, yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun «Qizlar akademiyasi» platformasi ishga tushiriladi.  

Bundan tashqari, Davlat dasturining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, ayollar salomatligini asrash borasida 2 ming nafar jarrohlik operatsiyasiga muhtoj xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish vazifasi o‘z ifodasini topgan.  

Xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlar bandlik dasturini tasdiqlash va ularning kichik biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratish, har bir hududda xotin-qizlar hunarmandchilik markazlari va klasterlarini tashkil qilish maqsadlari aks etgan. Bundan tashqari, 85 ming nafar xotin-qizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, 90 ming  xotin-qizni tadbirkorlikka o‘qitish, 110 ming nafar ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish vazifalari belgilab qo‘yildi.  

Tadbirkor va ishbilarmon ayollarimizni qo‘llash maqsadida Davlat dasturida xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni sotishga ko‘maklashish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Bu esa tadbirkorlik istagi bor, ammo biroz cho‘chiyotgan ayollarga dadillik beradi, qulaylik yaratadi.  

 Shu o‘rinda qayd etish joizki, qonunchilikka ko‘ra, xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 3-yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar ajratilishi belgilangan. Bugun ushbu imtiyozlardan foydalanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan, nafaqat o‘zi, balki yon-atrofidagi ayol-qizlarni ham ish bilan band qilayotgan uddaburon ayollarimiz safi kengaymoqda.  

 Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor yuksak darajada. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, jamiyatdagi, sohalar rivojidagi ishtirokini kengaytirish, bilim va malakasini yuksaltirish eng muhim masalalardan biriga aylangan. Yurt kelajagi bo‘lgan farzandlarimizni voyaga yetkazish va ularni Vatanga munosib qilib tarbiyalashda onalarning, ayollarning o‘rni muhim ekan, ularni qo‘llash, ruhiy madad berish orqali millat ertasining poydevori mustahkamlanadi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA