Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Xorvatiya: hamkorlikning yangi bosqichi
16:39 / 2026-02-06

Bugun O‘zbekiston va Xorvatiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 31 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqa siyosiy, iqtisodiy, parlamentlararo, migratsiya, turizm va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan holda izchil rivojlandi.

Siyosiy muloqot doirasida 2024 yil dekabr oyida Xorvatiya tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri G.Grlich Radmanning Toshkentga ilk rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik va kelishuv to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Uchrashuvda tovar ayirboshlash, turizm aloqasi va diplomatik muloqotni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama etildi.

Tabiiyki, iqtisodiy sohada keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. 2025 yil 23 iyul kuni mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri LazizQudratov hamda Xorvatiya iqtisodiyot vaziri Ante Shushnyar o‘rtasidagi onlayn muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, sarmoyaviy aloqani kengaytirish hamda 2026 yil rejasi bo‘yicha qo‘shma tadbirlar dasturini tasdiqlash mavzulari ko‘tarildi.

Parlamentlararo hamkorlik yil sayin rivojlanmoqda. Har ikki davlatda parlamentlararo guruhlar a’zolari onlayn uchrashuvlarda qonun ijodkorligi, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, investitsiya va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqda. Shuningdek, tomonlar innovatsiya, transport va logistika sohalarida ham qo‘shma tashabbuslar amalga oshirishda manfaatdorligini ta’kidlab keladi.

Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik ham alohida e’tiborda. Bu borada O‘zbekiston delegatsiyasi Xorvatiya rasmiylari bilan ish topish imkoniyati, til o‘rganish dasturlari va fuqarolar huquqi muhofazasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu muloqotlar natijasida ikki tomonlama migratsiya va harakatlar to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ishlab chiqishga kelishilgan.

Turizm sohasida ham amaliyot mavjud. Masalan, o‘tgan yil oktyabrda Zagreb shahrida bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan – The Pearl of the Silk Road” mavzusida turizm forumida mamlakatimizning tarixiy va madaniy salohiyati hamda investitsiya imkoniyati xorvat turizm tuzilmalariga taqdim etildi. Mazkur tashabbus ikki mamlakat o‘rtasida turizm bozorini kengaytirish va butun dunyo bo‘ylab sayyohlarni yurtimizga jalb qilish imkonini beradi.

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda ham faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Elchixonamiz mas’ullari Yevropaning ushbu mamlakatidagi yetakchi madaniy muassasalar bilan kino, adabiyot, san’at va ijodiy almashinuvni rivojlantirish maqsadida muzokaralar o‘tkazdi. Muhokama natijasida 2026 yil O‘zbekiston va Xorvatiya kino kunlarini o‘tkazish, qo‘shma animatsiya loyihalarini ilgari surish rejasi belgilandi.

Bunday keng qamrovli siyosiy, iqtisodiy, parlamentlararo, migratsiya va madaniy loyihalar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istiqbolli ekanini yaqqol ko‘rsatadi. O‘zaro munosabatlar uzoq masofaga qaramay, ham iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlab, ham inson kapitali rivojiga yo‘naltirilgan tarzda davom ettirilyapti.

Dilshod Hakimov, O‘zA